Krakovdagi qonli hujum ortidan gumonlanuvchining ota-onasi va singlisining ham jasadlari topildi

Polshaning Krakov shahrida 7 noyabr kuni sodir bo‘lgan ommaviy otishma bilan bog‘liq tergov davomida 24 yoshli gumonlanuvchining ota-onasi va singlisi ham halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Ularning jasadlari Krakovdan qariyb 200 kilometr uzoqlikdagi Ostrovets-Sventokshiski shahrida joylashgan xonadondan topilgan.
Mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, marhumlar 53 yoshli erkak, 52 va 21 yoshli ayollar bo‘lgan. Keyinchalik ularning gumonlanuvchining otasi, onasi va singlisi ekani tasdiqlangan. Dastlabki tekshiruvlarda jasadlarda o‘qotar quroldan yetkazilgan jarohatlar aniqlangan. Xonadondan yettita o‘qotar qurol ham olib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, 7 noyabr kuni 24 yoshli shaxs Krakov tarixiy markazidagi Bosh maydonga avtomobilda kirib, tasodifiy yo‘lovchilarga qarata o‘q uzgan. Hodisa oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 16 kishi jarohatlangan. Jabrlanganlar orasida ikki nafar politsiya xodimi ham bor edi.
Politsiya bilan otishma vaqtida yaralangan gumonlanuvchi qo‘lga olinib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Biroq 9 noyabr kuni ertalab uning shifoxonada vafot etgani ma’lum qilindi.
Polsha ichki ishlar vaziri Marcin Kierwinski gumonlanuvchining o‘ta o‘ng radikal mafkuralarga qiziqqanini bildirgan. Shunga qaramay, hujumlarning aniq sabablari va motivlari yuzasidan tergov davom etmoqda. Tergov organlari Krakovdagi otishma hamda uning oila a’zolari o‘limiga bir shaxs aloqador bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Krakovdagi hujumni terrorchilik harakati sifatida baholagan. Fojia munosabati bilan mamlakatda 8 va 9 noyabr kunlari milliy motam e’lon qilingan.































Izohlar 0
…