AQSHda 70 yoshli mahkumning qatl jarayoni bir soatdan oshdi: u og‘riqdan dod soldi

AQSHning Texas shtatida 70 yoshli mahkum Reynaldo Dennesni o‘lim jazosiga hukm qilish jarayoni bir soatdan ko‘proq vaqt davom etdi. Tibbiyot xodimlari unga o‘limga olib keluvchi preparatni yuborish uchun mos vena tomirini topishda qiynalgan. In’eksiya boshlanganidan keyin esa mahkum qariyb uch daqiqa davomida og‘riqdan nolib, Xudodan azobini to‘xtatishini so‘ragan. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Dennes 1996 yil yanvar oyida Xyuston shahrida zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullangan Yanosh Syuchning o‘ldirilishi va bosqinchilik bilan bog‘liq jinoyat uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan. U 1997 yilda aybdor deb topilgan.
Qatl 19 noyabr kuni Xantsvill shahridagi qamoqxonada amalga oshirilgan. Jarayon boshida xodimlar mahkumga o‘limga olib keluvchi pentobarbital preparatini yuborish uchun vena tomirini topishga bir necha bor uringan. Oxir-oqibat, ignalar uning chap oyog‘i va bo‘ynining chap tomoniga o‘rnatilgan.
Preparat yuborila boshlagach, Dennes og‘riqdan ingrashni boshlagan. U Xudodan azobini to‘xtatishini so‘rab, «Bu normal holat emas», deya bir necha bor takrorlagan. Shuningdek, o‘ng oyog‘ida kuchli og‘riq borligini aytgan.
Qatl jarayoniga guvoh bo‘lgan Associated Press muxbiri Maykl Gratsik bu holat o‘zi faoliyati davomida guvoh bo‘lgan yuzlab hukm ijrolaridan keskin farq qilganini bildirgan. Uning aytishicha, mahkum qariyb uch daqiqa davomida og‘riqdan noligan.
Qamoqxona ma’muriyati vakili Amanda Ernandes barcha jarayonlar belgilangan tartibda o‘tkazilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahkum preparat yuborilishidan oldin ham og‘riqdan shikoyat qilgan va in’eksiya qilinmagan joylari og‘riyotganini aytgan. Shu sababli vakil Dennes og‘riqni bo‘rttirgan yoki ataylab o‘zini qiynalayotgandek ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Mahkum uni zambilga bog‘lash boshlanganidan 63 daqiqa o‘tib, soat 19:08 da vafot etgan deb e’lon qilingan. Qatl jarayonida yuz bergan holatlar AQSHda o‘lim jazosini ijro etish usullari va ularning inson salomatligiga ta’siri yuzasidan bahslarni yana kuchaytirdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…