«Titanik» yo‘lovchisining brilliant uzugi auksionda 150 ming funtga sotildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- «Titanik» kemasi yo‘lovchisi, britaniyalik modeler Lyusi Daff-Gordonga tegishli bo‘lgan brilliant uzuk auksionda 150 ming funt sterlingga sotildi.
- Mazkur taqinchoq kema halokatga uchragan paytda modelerning qo‘lida bo‘lgan va avloddan-avlodga meros sifatida saqlanib kelgan.
- Auksion davomida, shuningdek, Daff-Gordonlar oilasi tomonidan «Karpatiya» paroxodi xazinachisi Ernest Braunga sovg‘a qilingan portsigar 24 ming funt sterlingga xarid qilindi.
«Titanik» kemasining mashhur yo‘lovchilaridan biri, britaniyalik modeler Lyusi Daff-Gordonga tegishli bo‘lgan brilliant uzuk auksionda 150 ming funt sterlingga (145 ming dollar) sotildi. Qizig‘i, kema halokatga uchragan paytda ham modeler aynan shu uzukni taqib yurgan. Bu haqda Henry Aldridge & Son auksion uyi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qimmatbaho taqinchoq Lyusi Daff-Gordonga unashtiruv munosabati bilan sovg‘a qilingan bo‘lishi mumkin. Uzuk o‘nlab yillar davomida Daff-Gordon oilasida saqlanib, avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tgan. Auksionda uning kelib chiqishini tasdiqlovchi xat hamda Birmingem probir palatasi bergan brilliantning rasmiy sertifikati ham yangi egasiga topshirilgan. Xaridor esa o‘z ismini oshkor qilmaslikni ma’qul ko‘rgan.
Shuningdek, savdo jarayonida yana bir tarixiy buyum — Londondagi Asprey kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan portsigar ham sotuvga qo‘yilgan. U 24 ming funt sterlingga (31 ming dollar) xarid qilingan. Mazkur portsigarni Daff-Gordonlar oilasi «Titanik» halokatidan so‘ng tirik qolganlarni qutqarish uchun yetib kelgan «Karpatiya» paroxodi xazinachisi Ernest Braunga minnatdorlik ramzi sifatida sovg‘a qilgan edi.
Lyusi Daff-Gordon «Titanik»da qanday safar qilgan?
1912 yilda ledi Lyusi Daff-Gordon o‘zining Maison Lucile moda uyining Nyu-Yorkdagi filiali bilan bog‘liq ishlar sababli AQSHga yo‘l olishga qaror qilgan. U turmush o‘rtog‘i, yer egasi va aristokrat Kosmo Daff-Gordon bilan birga «Titanik» kemasining birinchi klassi uchun chiptalar sotib olgan. E’tiborlisi, juftlik chiptalarni janob va xonim Morgan nomlari bilan rasmiylashtirgan.
Kema aysberg bilan to‘qnashib, cho‘ka boshlaganidan so‘ng Daff-Gordonlar 40 kishiga mo‘ljallangan qutqaruv qayig‘iga joylashtirilgan. Biroq qutqaruv operatsiyasi vaqtida qayiqda atigi 12 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Bu holat juftlik atrofida bahs va e’tirozlarni keltirib chiqargan. Ular boshqa yo‘lovchilarni kutib o‘tirmasdan qayiqda ketganlikda hamda ekipaj a’zolariga pora berganlikda ayblangan. Ammo Lyusi va Kosmo Daff-Gordon mazkur ayblovlarni rad etishgan.
«Titanik» halokati haqida nimalar ma’lum?
«Titanik» o‘zining ilk va so‘nggi sayohatini 1912 yil 10 aprel kuni Angliyaning Sautgempton shahridan boshlagan. Dunyodagi eng mashhur yo‘lovchi kemalaridan biri bo‘lgan layner 15 aprelga o‘tar kechasi Shimoliy Atlantika okeanida aysberg bilan to‘qnashgan. To‘qnashuvdan keyin kema atigi 2 soat 40 daqiqa ichida suv ostiga cho‘kib ketgan.
Ushbu fojia oqibatida 1,5 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, 712 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi esa omon qolgan. Halokat haqidagi xabarni olgan «Karpatiya» paroxodi fojia sodir bo‘lgan joyga birinchi bo‘lib yetib kelib, tirik qolganlarni qutqarish ishlarini amalga oshirgan.
Shu tariqa, qariyb bir asrdan ortiq vaqt davomida tarixiy oilaviy meros sifatida saqlangan brilliant uzuk yana bir bor jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Uning auksionda sotilishi nafaqat qimmatbaho taqinchoqlarga qiziqishni, balki «Titanik» bilan bog‘liq tarixiy ashyolarga bo‘lgan e’tibor hanuz yuqori ekanini ham namoyon etdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…