23:02 / 08.07.2017
4 890

Vladimir Putin «Katta yigirmalik» sammiti yakunlari bo‘yicha chiqish qildi

Vladimir Putin «Katta yigirmalik» sammiti yakunlari bo‘yicha chiqish qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hamburgda o‘tgan matbuot anjumanida amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan uchrashuvi haqida aytib berdi, shuningdek, u Suriyadagi vaziyat hamda Rossiya va Ukraina munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi, deb yozadi Kun.uz nashri.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Tramp Rossiyaning AQShdagi saylovlariga «aralashuvi» masalasini ko‘targan va Rossiya etakchisi bunday deb o‘ylash uchun asos yo‘qligiga uni ishontirishga harakat qilgan.

«U menga bu xususda juda ko‘p savol berdi. Men imkon qadar uning savollariga javob berdim. Menimcha, u javoblarimning barchasini ma’lumot o‘rnida qabul qildi va qoniqdi», — dedi prezident. Putinning qo‘shimcha qilishicha, u Tramp bilan shaxsiy munosabatlar o‘rnatib olgan.

«Bilmadim, bu qanday yangraydi, lekin qanday ko‘ringan bo‘lsa shunday bayon qilaman: Trampning televizordagisi haqiqiysidan juda keskin farqlanar ekan, u o‘ta konkret inson ekan. U hamsuhbatini mutlaqo, mutlaqo adekvat qabul qiladi, qo‘yilgan savollarni yoki muloqot davomida paydo bo‘ladigan qandaydir yangi elementlarni etarli darajada tez tahlil qilib, ularga javob qaytarar ekan», — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi prezident Rossiya-Amerika munosabatlarini inqiroz yoqasidan chiqarishdan umid qilayotganini bildira turib.

Jurnalistlar Putindan Rossiyada Germaniyadagi saylov jarayonlariga aralashish rejasi bor-yo‘qligini va kansler Angela Merkel bilan bu borada suhbatlashganini so‘rashdi.

«Allaqanday provokasion savollarni beryapsiz. Men axir AQShdagi saylovlarga ham aralashmaganmiz, deb aytib o‘tdim. Nega endi bu erda ham qandaydir muammo yaratishimiz kerak. Biz Germaniya Federativ Respublikasi bilan do‘stona aloqalarga egamiz», — dedi u.

Putin, shuningdek, Rossiya Hamburgda o‘tgan «Katta yigirmalik» sammitida raqamli iqtisodiyot va kiberxavfsizlikning umumiy qoidalari xususida o‘z g‘oyasini taqdim etganini aytib o‘tdi. Rossiya prezidentining ta’kidlashicha, bu masalalarda noaniq vaziyat hukm surmasligi kerak va uning aytishicha, Rossiya va AQSh kelajakda qandaydir gap-so‘zlarning oldini olish uchun ishchi guruhi tuzadi.

Ukraina haqida gapirar ekan, Putin bu mamlakatning hozirgi rahbariyati rusofobiya va Rossiyadan uzoqlashish, ikki xalqni gij-gijlash siyosatini qo‘llayotganini ta’kidlab, bu hol «G‘arbda kimlargadir yoqayapti shekilli», har qanday sharoitda bu ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirmaslik kerak, deb hisoblovchilar bor, dedi. Prezident har ikki xalqning manfaatlari mushtarak ekanligini ham qayd etib, Ukrainaning hozirgi rahbariyati va Kievdagi ayrim siyosiy doiralar bundan mustasno, dedi.

Putin, shuningdek, AQSh davlat kotibi Reks Tillersonning Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakat siyosiy hayotida kelajakka ega emas, degan so‘zlarini ham izohlab o‘tdi.

«Janob Tillerson — hurmatli inson, u Rossiya ordeni sohibi, biz uni juda hurmat qilamiz, lekin baribir u Suriya fuqarosi emas. Suriyaning kelajagini ham, siyosiy arbob sifatida prezident Asadning taqdirini ham faqatgina Suriya xalqi hal etishi kerak», — dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning Suriya bo‘yicha tutgan o‘rni biroz pragmatiklashmoqda, ular kuchlarni birlashtirib, ko‘proq narsalarga erishish mumkinligi tushunib etishmoqda.

«Pirovard natijada — qurolli mojaroni susaytirishning janubiy hududi bo‘yicha kechagi bitimga erishdik. Kim bunga qanday munosabat bildirmasin, aytishim mumkinki, bu prezident Tramp bilan birgalikda ishlash davomida erishgan katta yutuqlarimizdan biri bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi Putin.

«Endi tomonlar qurolli mojarolarning tugatilish hududi chegaralari, u erlarda xavfsizlik qanday ta’minlanishi haqida bir to‘xtamga kelib olishlari lozim. Bu juda qunt bilan amalga oshiriladigan, biroq o‘ta muhim ish sanaladi», — dedi Rossiya etakchisi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vladimir Putin «Katta yigirmalik» sammiti yakunlari bo‘yicha chiqish qildi