11:05 / 07.01.2018
5 484

Xitoylik millioner-farrosh (Video)

Xitoylik millioner-farrosh (Video)
Xitoyning Chunsin shahrida yashovchi millioner Chjun Sunjun 3 yildan beri har kuni ko‘chalarni chiqindilardan tozalash bilan shug‘ullanib keladi: u o‘z misolida atrof-muhit haqida qayg‘urish muhimligini ko‘rsatmoqchi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Sunjun har kuni chiqindilarni yig‘ish uchun qisqichlar bilan uyi oldidagi ko‘chaga chiqib, u yerni chiqindilardan tozalaydi. 51 yoshli xitoylik shu antiqa “xobbisi” sababli “millioner-farrosh” nomini ham olgan. Sunjunning asosiy faoliyati esa ko‘chmas-mulk, ishlab chiqarish va avtomobil sotish bilan bog‘liq.

Boy erkakning bu odati odamlar e’tiborini jalb qildi: ko‘pchilik uning samimiyligiga shubha qilib, uni o‘zini piar qilishda ayblagan. Biroq erkakning aytishicha, uning niyatlari xolis va odamlarni ularning boyligi bilan baholash kerak emas.

“Ko‘chani ifloslantirishimiz bilimimiz, yoshimiz, kelib chiqishimiz va ijtimoiy-iqtisodiy mavqeimizga bog‘liq emas”, deb aytgan tadbirkor.

Millionerni bunday yo‘l tutishga Sinxua universiteti professori ilhomlantirgan. U professorni 2015 yilda Xaynan orolida dam olganda uchratgan. Pensiyada bo‘lgan professor 4 yildan beri plyajdagi chiqindilarni yig‘ish bilan shug‘ullangan. Bundan ilhomlangan Sunjun ta’tildan qaytgach, hovlisini tozalay boshlagan.

Erkak o‘z qo‘l ostidagilarni ham undan o‘rnak olishga chaqiradi. Agar uning korxonalaridagi xodimlar atrof-muhitni ifloslantirsalar, 10 yuan (1,5 dollar) bilan jazolanadilar. Tadbirkorning aytishicha, chiqindilar muammosini bir lahzada hal qilishning imkoni yo‘q, buning uchun jiddiy choralar zarur.

“Xitoyga odamlar atrof-muhitni ifloslantirmasliklari uchun qattiqqo‘l qonunlar zarur. Xitoyliklar sharmanda bo‘lishdan qo‘rqadilar. Ular jarimaga tortilishdan ko‘ra sharmanda bo‘lishdan ko‘proq tashvishlanadilar”, deb aytmoqda millioner.

Chjunning rafiqasi va farzandlari dastlab uning bu odatidan uyalib yurishgan. Ular hattoki u bilan birga omma oldida ko‘rinishdan bosh tortganlar. Biroq ular o‘zlari yashaydigan hudud tozaroq ko‘rinishga kelib, qo‘shnilar Chjunni maqtay boshlaganlaridan keyin fikrlarini o‘zgartirganlar. Hozirda Chjunning rafiqasi ham unga ko‘chalarni tozalashda yordam beradi.

“Odamlar o‘zini tutishni o‘zgartirmaguncha, ko‘chalar ularni qancha odam tozalamasin, iflos bo‘lib qolaveradi. Yagona yechim – odamlarga atrof-muhitni ifloslantirishning salbiy oqibatlari haqida so‘zlab va ular bundan xulosa chiqarib, o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishlariga umid qilishdir”, deb aytmoqda millioner-farrosh.
[media=https://youtu.be/yk_YTTjQbhc]

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoylik millioner-farrosh (Video)