14:22 / 26.01.2018
6 655

Vladivostokdagi farg‘onalik yigit: «Qaytgim kelyapti. Lekin O‘zbekistonda buncha pul topishim qiyin» (video)

Vladivostokdagi farg‘onalik yigit: «Qaytgim kelyapti. Lekin O‘zbekistonda buncha pul topishim qiyin» (video)
«Daryo» internet-nashri «Muhojirlar hayoti» loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarning fikrlarini e’lon qilib boradi. E’lon qilinayotgan bu fikrlarda mehnat muhojirlari uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘lida bugun boshlangan ishlar, o‘zgarishlar uchun taklif o‘laroq jaranglagan izohlar ham yo‘q emas.

E’lon qilinayotgan birinchi monolog — Rossiyaning Vladivostok shahrida mehnat qilayotgan farg‘onalik yigitning fikrlari (uni «Daryo» muharriri Dilshod Sharipov yozib oldi). Uning iltimosiga ko‘ra, ismi-sharifi va uning shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmadi, matn juz’iy tahrirlarga uchradi.

O‘zim Farg‘onadanman, yoshim 22 da. Litseyni bitirib, keyin o‘qimadim. Hozircha oila qurmaganman.

Pul topish maqsadida Rossiyaning Vladivostok shahriga kelganimga qariyb bir yil bo‘ldi. Qarindoshimning yonida qorovul bo‘lib ishlash uchun bir o‘zim keldim. Vladivostok Uzoq Sharqda joylashgan, poyezdda 10 kunlik yo‘l. Bu yerga yetib kelguncha chiptalar, yeb-ichish va hokazolarga 400 dollar atrofida pul sarfladim.

Yo‘l davomida asosan O‘zbekiston poyezdlarida muammolar bo‘ldi. Birinchi muammo majburiy yo‘l sug‘urtasidan chiqdi. O‘zimizning milliy poyezdimizda o‘zimizdan chiqqan insonlar — provodniklarimiz yo‘lning boshida qozoqlarga «omonpuli» deb 1000 rubldan pul yig‘ib oldi. Qozog‘istondan chiqishda ham shunday bo‘ldi. Sug‘urta qayerda qoldi? Aslida nimani sug‘urta qildik, hayronman. Xullas, gapirsam muammo ko‘p, katta maqola bo‘ladi.

Dastlab kelgan vaqtimda juda qiynaldim, buning ustiga til bo‘yicha muammolar bor edi. Ammo hozir bu yerdagi boshqa o‘zbeklarga qaraganda rus tilini ancha yaxshi o‘zlashtirdim.

Ishni qorovullikdan boshladim, hozir eshik-rom yasaydigan sexning isitgichi uchun o‘tin yoraman. Baxtimga, boshlig‘im juda yaxshi inson, ishxonada do‘stona kayfiyat hukmron. Oyligim 500 dollar. 8 soatlik qat’iy ish vaqti belgilangan, xohishingizga qarab ko‘proq ishlashingiz mumkin. Bu ishga yangi keldim, ishni endi o‘rganyapman. Ish juda og‘ir, ammo bu ishimda yotoq, yeyish-ichishdan muammo yo‘q. Kiyim-bosh berishmadi, ammo shu kunlarda berishmoqchi shekilli. Tezroq olishim kerak. Kunduzi -30 daraja, kechasi -40 darajagacha sovuq bo‘ladi. Tashqarida o‘tin yorishim kerak — bunday sovuqda oson emas.

Bu yerda noqonuniy ishlayapman, chunki hujjatlarni to‘g‘rilash xarajatlari va bir yillik to‘lovlarni hisoblasa, o‘rtacha 110 ming rubl (taxminan 2 ming dollar) bo‘ladi. Shuncha pulim bo‘lganida, O‘zbekistonning o‘zida o‘qishga kirgan yoki armiyaga ketgan bo‘lardim.

Oila a’zolarim yonimda yo‘q, lekin butun O‘zbekiston va O‘rta Osiyo mamlakatlaridan kelgan o‘zbeklar ko‘p. Primore o‘lkasida 100 ming atrofida o‘zbek bor. Men o‘zim shu yerdagi 100 tacha o‘zbekistonlik bilan tanishman. Ular asosan xizmat ko‘rsatish va qurilishda mehnat qiladi. Negadir bu yerlarda rus, koreys va o‘zbeklardan boshqa millat vakillarini ko‘rmadim.

Bu yerda payvandchilar, haydovchilar (B, C, D), benzoarrachilar, o‘t o‘ruvchi apparatlarni tushunadiganlar, oshpazlarga ehtiyoj bor. Rus tilini qancha yaxshi bilsa, shuncha yaxshi. Hozir O‘zbekistonlik ishchilar Vladivostokka har qachongidan ham ko‘proq kerak. Chunki xalqaro sanksiyalar tufayli bizning hududda minglab KXDR fuqarolari ishlash huquqidan ayrildi. Ularga achinaman.

10 kilometr narida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi chegarasi joylashgan. Primoreda bir necha yuz ming KXDR fuqarolari bor. Sanksiyalardan so‘ng, ularning 15 foizi qaytib ketdi, deyishyapti. Ko‘p joylarda shimoliy koreyaliklar ochgan korxonalar, tashkilotlar ham tugatilyapti. Ishxonamiz boshlig‘i asli olmaotalik koreys — janob Kim. Janob Kimning «tepa»da tanishlari ko‘p, shu sabab ishxonamizdagi koreyslarni olib qoldi.

Mening Rossiyaga safarim muammolari poyezddan boshlangandi. Rossiyadagi elchixona va konsullik xodimlari umuman ishlamaydi, desa ham bo‘ladi. Ikki oy ko‘chalarda qolib ketdim, ming marta qo‘ng‘iroq qildim. Faqat bir marta qaytib telefon qilishdi va ruschada: «Vladivostokka yordam berolmaymiz, bilganingizni qiling», — deb javob berishdi.

Hozircha Rossiyadan qayta olmayman. O‘zbekistonda qolgan oilamning yolg‘iz boquvchisiman. Aslida juda ketgim kelyapti. O‘zbekistonda bu yerdagi kabi maosh olishim juda qiyin, buning ustiga institutda o‘qimaganman.

Menimcha, O‘zbekistonda, ko‘p hollarda, biror joyga ishga kirishing uchun yo pora berishing kerak, yoki tanish-bilishing bo‘lishi kerak. Bunday illatlarga maoshning kamligi sabab. Mehnatdan qochmayman, agar O‘zbekistonda sharoit qilib berishsa, Rossiyada ishlayotgan pulimning 10 tasini topa olaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vladivostokdagi farg‘onalik yigit: «Qaytgim kelyapti. Lekin O‘zbekistonda buncha pul topishim qiyin» (video)