AQSh prezidenti Donald Tramp Reks Tillersonni Davlat departamenti rahbarligidan iste’foga chiqardi.
Reks Tillerson avvaldan Donald Tramp bilan ziddiyatda bo‘lgan
ExxonMobil neft kompaniyasining sobiq rahbari bo‘lgan Reks Tillerson AQSh prezidenti Donald Trampning jamoasidagi eng sara kishilardan edi. U ham Tramp jamoasidagi boshqalar kabi avval davlat ishida ishlamagandi, ammo u bundan xijolat bo‘lmasa ham bo‘lardi.
Davlat departamentini boshqarar ekan, Tillerson sifatli kadrlar yetishmovchiligi muammosiga duch keldi. Chunki, eski kadrlarning aksar qismi Tramp ma’muriyatida ishlashni istamadi. Diplomat sifatida u mo‘’tadillik pozitsiyasini tutdi va prezidentning bayonotlariga tez-tez e’tirozlar bildirib turdi. Masalan, 2017 yil yozida Tramp tvitterida KXDR rahbari Kim Chen Inga yangi laqab o‘ylab topganida, Tillerson shimoliy koreyalik diplomatlar bilan aloqa qilib, vaziyatni yumshatgandi.
ExxonMobil haqidagi kitob muallifi Stiv Koll Bloomberg uchun bergan intervyusida Tillersonning kompaniyada o‘ta samarali ish yuritgani, u barcha xodimlarini o‘z joyida ishlata olgani bayon qilingan. Ammo u Davlat departamentida bunga erisha olmadi: bu yerda uning atrofidagi maslahatchilar diplomatik xizmatda tajribasiz edi, shu tufayli u kerakli joylarga kerakli odamlarni qo‘ya olmadi.
Ammo bu Tillersonning yagona muammosi emasdi. U Oq uy ma’muriyatidagi Tramp bilan yaqindan tanish bo‘lmagan kamdan-kam odamlardan biri edi. Tramp uning fikriga quloq tutmas, ularning orasida turli masalalarda ayricha qarashlar shakllangandi: prezident Barak Obama ma’muriyati erishgan Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvni butunlay muvaffaqiyatsizlik deb baholar, Tillerson esa bu kelishuvni qo‘llab-quvvatlardi.
Tillersonga prezidentning boshqa qarashlari va harakatlari ham yoqmagan. Masalan, Tramp 2017 yil kuzida Sharlotsvillda millatchilar tomonidan uyushtirilgan marshlarga e’tiroz bildirmagan — Tillerson esa afroamerikaliklarni tahqirlovchi bu harakatlarni keskin tanqid qilib chiqqandi. Shuningdek, Tramp siyosatdan uzoq «Amerika boyskautlari» tashkiloti a’zolari qarshisida siyosiy nutq iroda qilgan, o‘z vaqtida bu tashkilotga rahbar bo‘lgan Tillersonga bu ham yoqmagandi.
CNN va boshqa bir qator nashrlar manbalariga ko‘ra, 2017 yil yozida Pentagondagi majlislardan biridan keyin Tillerson Trampni «o‘taketgan tentak» deb atadi. Bunga Trampning yadroviy qurollanishni rivojlantirish haqidagi so‘zlari sabab bo‘lgan. O‘shanda Tillerson ishdan bo‘shamoqchi bo‘lgan, ammo uni qolishga ko‘ndirishgan.
Iste’fo kuzda tayyor edi, Tillerson ketishga shoshilmadi
Yozda Tillersonning o‘zi iste’foga chiqmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, kuzda Tramp uni ishdan bo‘shatishga tayyorlana boshladi (The New York Times manbasi ma’lumoti). O‘shandayoq Tramp uning o‘rniga Markaziy razvedka boshqaramasi direktori Mayk Pompeoni tayinlashni ko‘ngliga tukkandi.
The Washington Post tarqatgan xabarga ko‘ra, Tramp Tillersondan butunlay qutilish qarorini 9 mart kuni qabul qildi. Shu bilan birga u bu niyati haqida Davlat kotibining o‘ziga bildirmagan. Tillersonning o‘rinbosarlaridan biri Stiv Goldsteynning aytishicha, u hech bir sababsiz ishdan bo‘shatildi. Uning tasdiqlashicha, Tillerson iste’foga ketmoqchi emas va ishini davom ettirmoqchi edi.
Iste’fo e’lon qilinganidan keyin Tramp tan oldiki, ularning o‘rtasida Eron va Shimoliy Koreya masalasida jiddiy murosasizlik bo‘lgan. Prezident Tillersonning maslahatisiz KXDR rahbari Kim Chen In bilan uchrashishga rozi bo‘lganini ta’kidladi.
Iste’fodan bir kun oldin Tillerson «Rossiyani jazolash»ga va’da bergandi
AQSh Davlat kotibi 12 mart kuni Rossiya Qurolli kuchlarining sobiq polkovnigi, Buyuk Britaniya foydasiga josuslik qilishda ayblangan Sergey Skripal hayotiga uyushtirilgan suiqasd ortida Rossiya hukumati turganini tasdiqlovchi ma’lumotlarga ega ekanini ma’lum qilgandi. U AQShning asosiy hamkori bo‘lmish Buyuk Britaniyaning ichki ishlariga Rossiya aralashgani tasdiqlansa, AQSh zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qilgandi. Bu AQShning yuqori lavozimli amaldori tomonidan Rossiya haqida bildirilgan eng keskin bayonot bo‘ldi, ammo bu Tramp Tillersonni ishdan bo‘shatishi sabab bo‘lgani ehtimoli kam.
Tillerson iste’foga chiqarilgach, AQSh prezidenti Buyuk Britaniya Rossiyani Skripalning zaharlanishida javobgar sifatida ko‘rayotgani va u bu talqinga qo‘shilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Tramp josusning hayotiga uyushtirilgan suiqasd ortidan Amerika hukumati Rossiyaga nisbatan qandaydir chora ko‘rish-ko‘rmasligi haqida gapirmadi.
Tillerson o‘rnini MRB direktori egalladi
2017 yil yozidayoq Mayk Pompeoni Tillersonning vorisi sifatida ko‘ra boshlashgandi. MRB rahbari, Tillersonning so‘zlariga ko‘ra, prezident bilan ko‘p masalalarda hamfikr hisoblanadi. Jumladan, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvda ham. Pompeo — konservator qarashlarga ega siyosatchi bo‘lib, radikal respublikachilarning «Choyxo‘rlik» harakati faollaridan biri bo‘lgan. U siyosiy faoliyatini boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan, 2010 yilda u Kanzas shtatidan Vakillar palatasiga saylangan. O‘shandan buyon u 4 marta Kongressdagi saylovlarda g‘olib chiqdi va ultrakonservatorlar qanotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biriga aylandi.
Edvard Snouden ma’lumotiga ko‘ra, Pompeo Milliy xavfsizlik agentligi tomonidan joriy etilgan, yozishmalarni ommaviy ravishda kuzatib borish tizimini faol ravishda qo‘llab-quvvatlagan. U Shimoliy Koreyadagi tuzumni tag-tubi bilan qo‘porib tashlash tarafdori hisoblanadi, uningcha, Kim Chen In bilan kelishib bo‘lmaydi. U Markaziy qidiruv byurosida «tergovning samarali usullari»ni joriy etish tarafdori, xususan, qiynoqlar qo‘llanishiga qarshi emas (uning o‘rinbosari Jina Hespel Tailanddagi maxfiy qamoqxonada ma’lumot olish uchun maxfiylarni qiynashga ruxsat bergan nozir).
2017 yil boshida Human Rights Watch xalqaro huquq tashkiloti Pompeo MRB rahbarligiga tayinlanishiga jiddiy e’tiroz bildirgandi.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin