08:56 / 21.05.2018
2 348

Buyuk Britaniya​ Roman Abramovichga viza berishni nega paysalga solmoqda?

Buyuk Britaniya​ Roman Abramovichga viza berishni nega paysalga solmoqda?
Buyuk Britaniya hukumati mamlakatda katta sarmoya va «Chelsi»​ futbol jamoasiga ega, Rossiya fuqarosi Roman Abramovichga Britaniya viza muddatini uzaytirib berishni paysalga solmoqda, deb yozadi Financial Times oligarxning to‘rt nafar yaqin do‘stiga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, doimiy turar joyi London shahrida qayd etilgan rus oligarxining umumiy boyligi 9,3 milliard funt-sterlingdan ziyodga baholanadi. Roman Abramovich Buyuk Britaniyaning eng boy kishilari ro‘yxatida 13 raqamda e’tirof etiladi.

Rossiyalik ishbilarmonning viza muddati yakunlangach, kuni kecha kubokni qo‘lga kiritgan «Chelsi»​ jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun maydonga tashrif buyurmadi. Unga yaqin kishilarning ta’kidlashicha, Roman Rossiyaga qaytib ketgan.

Roman Abramovich kutilganidek, rus oligarxlari Oleg Deripaska va Vladimir Potanin o‘rtasida o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan sud ishida ham guvoh sifatida ishtirok etmadi.

Financial Times Roman Abramovichning jamoatchilikdan qochib yurishiga Skripallar ishi ham ta’sir o‘tkazganiga ishonadi. Xususan nashr bu haqda shunday deydi:

«Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson Buyuk Britaniya baribir pul ortidan quvishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, rus oligarxlariga nisbatan bosim kuchaymoqda»​​.

Shu paytda «Alfa-Grupp» vasiylik kengashi raisi, rossiyalik Mixail Fridman va «Alfa-Bank» asoschisi Pyotr Aven «Atlantik Kengash»ning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Vashingtonga uchib ketgan. Kengash kun tartibida AQSh Prezidenti ma’muriyati uchun yangi sanksiyalar ta’siriga tushib qolish ehtimoli bo‘lgan oligarxlar haqida ma’lumotnoma yaratiladi.

Kengashda ishtirok etish uchun falsafa fanlari doktori Andres Oslund ham Vashingtonga yetib borgan. U Sharqiy Yevropa va Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha bebaho tajribaga ega keksa diplomat sanaladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 21 may kuni tushlik stoli atrofida yangi sanksiyalar va oligarxlar masalasiga aniq oydinlik kiritiladi. Buyuk Britaniya esa NATO bo‘yicha ittifoqdoshining qarorini hurmat qilishi tayin. Katta ehtimol bilan Roman Abramovich ham AQSh sanksiyalari ta’siriga tushib qolgudek bo‘lsa, u bundan keyin «​Chelsi»​ o‘yinlarini ham televizor orqali tomosha qilishi mumkin.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)