00:12 / 13.09.2018
5 865

Rosgvardiya rahbarining oʻgʻli va kuyoviga tegishli koshonalar (foto, video)

Rosgvardiya rahbarining oʻgʻli va kuyoviga tegishli koshonalar (foto, video)
Rossiya Milliy gvardiyasi rahbari Viktor Zolotovning oʻgʻli Roman Zolotov Moskva viloyati, Odinsovskiy tumani hududidagi boylar qishlogʻi boʻlmish Barvixada qimmatbaho turarjoyga egalik qiladi. “Novaya gazeta” nashri maʼlumotiga koʻra, bu uyning narxi 700 million rublga baholanadi. Nashr Zolotovlar oilasining koshonasining dron orqali olingan tasvirlarini eʼlon qildi.

Rolikdagi tasvirdan koʻrish mumkinki, Zolotovning oʻgʻli xiyobon oʻrtasidagi hashamatli qasrda yashamoqda.

Foto: Novaya gazeta
Bu uyning yonidagi uylar ham hashamatda bir-biridan qolishmaydi. Shulardan biri Zolotovning kuyovi Yuriy Chechixinniki boʻlib, 2 gektar maydondagi bu saroy bahosi 1,5 milliard rublga teng.

Foto: Novaya gazeta
Nashr maʼlumotiga koʻra, “milliarderlar qishlogʻi”dagi hovlini Zolotovning 23 yoshli oʻgʻli 2003 yilda olgandi. 700 ming kv m maydondagi bu uy 3 yil davomida qurilgan.

Foto: Novaya gazeta
Rolikda jurnalistlar bu uyni Zolotov va Navalniyning dueli uchun munosib joy deb atashgan.

11 sentyabr kuni Rossiya Milliy gvardiyasi rahbari Viktor Zolotov Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi rahbari Aleksey Navalniyga videomurojaat yoʻllab, uni duelga chorladi. Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi avgust oyi oxirida Rosgvardiyani harbiylar uchun mahsulotlarni oshirilgan narxlarda sotib olishi boʻyicha tadqiqotlarini eʼlon qilgandi.

Bunga javoban Zolotov shunday dedi: “Men sizni jangga chaqiraman. Ringdami, tatamidami, sizga qayer qulay boʻlsa, oʻsha joyga. Har qanday maydonda men sizni bir necha daqiqada shirali kotletga aylantirishga vaʼda beraman”.

U Navalniyga murojaatida biznes bilan shugʻullanib, boylik orttirganini aytadi. Ammo u aslida 30 yildan ortiq vaqt davomida faqat davlat organlarida ishlagan. 1990 yildan 2000 yilga qadar Rossiya Federatsiyasi davlat qoʻriqlov xizmatida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Zolotov 2000-2013 yillar davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xavfsizlik xizmati boshligʻi boʻlgan. U 2013 yildan boshlab Rossiya IIV ichki qoʻshinlari bosh qoʻmondoni oʻrinbosari boʻladi, 2014 yilning mayida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari - IIV ichki qoʻshinlari bosh qoʻmondoniga aylanadi. 2016 yilning aprelida esa Milliy gvardiya qoʻshinlari Federal xizmati direktori etib tayinlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rosgvardiya rahbarining oʻgʻli va kuyoviga tegishli koshonalar (foto, video)