
Qirg‘izistonda 141 nafar davlat amaldorining soliq deklaratsiyasi Bosh prokuraturaga jo‘natildi. Ular deklaratsiyada daromadlari va mulklari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni berganlikda gumonlanmoqda.
Davlat soliq xizmati raisining o‘rinbosari Iskender Asilkulov bu xabarni izohlar ekan, soliq xizmatiga jami 60 ming nafar davlat amaldori deklaratsiya topshirganini ta’kidladi.
“Bugungi kungacha 1101 nafar siyosiy, ma’muriy va maxsus lavozimlarni egallab turgan shaxslarning deklaratsiyalari tekshirib bo‘lindi. Ularning ichida 141 shaxs yolg‘on ma’lumotlarni berganlikda gumonlanmoqda. Ularning ishlari yuridik baho berilishi uchun Bosh prokuraturaga jo‘natildi”, deb aytdi Iskender Asilkulov.
Bosh prokuraturaga yuridik baho berish uchun jo‘natilgan soliq deklaratsiyalarining 19 tasi siyosiy lavozimlardagi, qolganlari esa munitsipal va ma’muriy xizmat lavozimlarini egallagan shaxslarga taaluqlidir.
Iskender Asilkulov ularning deklaratsiyalari tekshirilganida ko‘plab yer uchastkalari, qishloq xo‘jalik yerlari, ko‘p sonli avtomashinalar, bank hisoblari qayd etilmay qolgani aniqlanganini bildirdi.
Bundan avvalroq Qirg‘iziston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Duyshenbek Zilaliyev davlat lavozimini egallab turgan holda noqonuniy ravishda millionlab dollar boylikka ega bo‘lgan, degan ayblov bilan qamoqqa olingan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar