11:26 / 06.01.2019
4 398

Yaponiyada tunets balig‘i rekord narxga sotildi (video)

Yaponiyada tunets balig‘i rekord narxga sotildi (video)
Foto: REUTERS/Kim Kyung-Hoon
278 kilogrammlik tunets balig‘i Tokioda joriy yildagi ilk shunday savdo vaqtida rekord narxga – 333,6 mln iyenga (3,1 mln dollar) sotildi. Bu haqda Yaponiyada mashhur bo‘lgan “Sushi Dzammay” sushi restoranlari tarmog‘i tvitterda ma’lum qildi.

“Toyosu bozoridagi ilk savdolar. O‘zimiz ham narxga hayratlandik – 333,6 million iyen! Eng yaxshi tunetsni sotib olganimizdan xursandmiz”, deb aytilgan “Sushi Dzammay” xabarida.

Avvalroq bunday auksionlar Sukidzi bozorida o‘tkazilgan. Bu bozor 80 yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lgan, biroq uni 2020 yilgi Olimpiada oldidan yopishga qaror qilingan. Endilikda savdolar Tokioning Toyosu nomli port qismiga ko‘chirilgan.

Ushbu auksion 2018 yil oktyabrida ochilgan Toyosu baliq bozori uchun yangi yildagi ilk savdo bo‘ldi. Bungacha tunets uchun to‘langan rekord narx 155 mln iyenni (1,8 mln dollar) tashkil qilgan. Sukidzi bozorida 2013 yilda sotilgan bu tunetsning og‘irligi 200 kg bo‘lgan.

Joriy auksionda sotilgan baliq Tinch okeanida, Oma porti yaqinida tutilgan. Baliqni “Sushi Dzammay” tarmog‘ini boshqaruvchi Kiyomura Corporation kompaniyasi egasi Kiyosi Kimura sotib oldi. Kimura bir necha yillardan beri eng qimmat tunetslarning xaridori sanaladi.

“Men baliq shunday katta narxga tushishini o‘ylamagandim, biroq sotib olingan tunets ajoyibdir. Men bu baliqni restoranlarim mehmonlari bilan bo‘lishmoqchiman”, deb aytgan Kimura.
[media=https://www.youtube.com/embed/BUenJkw31GA]

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada tunets balig‘i rekord narxga sotildi (video)
[/banner_pushhouse