“Farg‘onadan ketgim kelmaydi” — Otabek Muhammadzohid (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otabek Muhammadzohid Farg‘onadan ketishni istamasligining asosiy sababi sifatida mahalliy aholining samimiyati, mehr-oqibati va o‘ziga bo‘lgan hurmatni ko‘rsatdi.
- U Farg‘onada bemalol bozorga o‘zi borib xarid qilishini va ko‘chada notanish odamlar ham samimiy salomlashib o‘tishini ta’kidladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otabek Muhammadzohid “Navo mehmonda” loyihasida nega Farg‘onadan ketishni istamasligi haqida gapirdi. Xonanda tug‘ilib o‘sgan hududidagi samimiy muhit, odamlarning mehr-oqibati va o‘ziga bo‘lgan hurmati uning uchun katta baxt ekanini ta’kidladi.
San’atkorning aytishicha, u Farg‘onada bemalol bozorga o‘zi borib, xaridlarini amalga oshiradi. Ko‘chada esa bir-birini tanigan yoki tanimagan odamlar ham samimiy salomlashib o‘tadi.
“Farg‘onadan nega ketmayman, bilasizmi? Bu yerda bozorga ham o‘zim chiqaman. Odatda xarid qiladigan joyim bor, o‘sha yerdan go‘sht, kartoshka olaman. Tanigan-tanimagan, hatto notanish odamlar ham ko‘cha-ko‘yda bir-biriga e’tibor beradi, salom berib o‘tadi. Mashinada ketayotgan bo‘lsa ham, hech bo‘lmasa boshini qimirlatib qo‘yadi. Ko‘z tegmasin, Farg‘onamizda shunday odatlar hali ham yo‘qolgani yo‘q. Bu baxt, ukajonim!
Biz ham sal-pal tanilgan odamlarmiz. Biror joyga borganingizda sizga mehr bilan qarab turgan nigohlarga duch kelishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak”, — dedi Otabek Muhammadzohid.
Boshlovchi xonandadan Toshkentda ham ijod qilish imkoniyati borligini, biroq Farg‘onaliklarning mehr-muhabbati uni shu yerda qolishga undashini so‘radi.
Otabek Muhammadzohid esa Farg‘onadan ketishni istamasligining yana bir sababi borligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, oilada yagona o‘g‘il ekani ham bu qaroriga ta’sir qilgan.
“Bitta o‘g‘il bo‘lganligim ham. Toshkentda biz bormasak ham san’atkorlar ko‘p. Masalan, har bir sohada iste’dodi bor insonlar Toshkentga ketaversa, viloyatlarda kim qoladi? Faqat san’atdagilar emas, qurilish, bank, iqtisod, farmatsevtika yoki tibbiyot sohasidagi iste’dodli insonlar ham poytaxtga ketaversa, viloyatlarda kim qoladi?” — deya fikrini yakunladi xonanda.






























Izohlar 0
…