10:26 / 15.03.2019
4 804

Hindistonlik tadbirkor soch ektirgani sabab vafot etdi

Hindistonlik tadbirkor soch ektirgani sabab vafot etdi
Foto: Reuters
Hindistonlik tadbirkor soch koʻchirib oʻtkazish operatsiyasidan keyin vafot etdi. Bu haqda Times of Indiaʻga tayanib “Daryo” xabar berdi.

Logistika kompaniyasi xoʻjayini 43 yoshli Shravan Kumar Chaudxari Mumbaydagi plastik operatsiyaga ixtisoslashgan xususiy klinikalardan biriga 8 mart kuni oilasidan yashirincha murojaat qilgan.

Erkak 500 ming rupiya evaziga (72 dollar) bir vaqtning oʻzida 9250 soch tolasini koʻchirib oʻtkazishni soʻragan. Qoidaga koʻra, operatsiya davomida 3 mingdan ortiq soch tolasini oʻtkazish mumkin emas. Plastik jarroh faqat 3,7 ming soch tolasini koʻchirib oʻtkazishga rozi boʻlgan. Operatsiya 12 soat davom etgan. Qoidaga koʻra, operatsiya uzogʻi bilan 6—8 soat davom etishi kerak.

Jarrohlik amaliyotidan soʻng erkakda ogʻir allergik reaksiya — anafilaktik shok boshlangan. Boʻgʻila boshlagan tadbirkor kasalxonaga yotqizilgan. Bir necha organlari ishdan chiqqach, tadbirkor ertasi kuni organ yetishmovchiligidan vafot etgan.

Klinikaning bosh shifokori Vikas Xalvay operatsiyadan oldin Chaudxari barcha tekshiruvlardan oʻtganini tasdiqlagan. Politsiya voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan.

Hindiston plastik jarrohlar uyushmasi vakili nafas olish bilan bogʻliq muammoni “soch tolalarini koʻchirib oʻtkazishdan soʻng yuzaga keladigan noyob holat” deb atagan. U, shuningdek, bemor kamida bir sutka shifokor nazoratida boʻlishi kerakligini qoʻshib qoʻygan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonlik tadbirkor soch ektirgani sabab vafot etdi