23:23 / 19.03.2019
7 541

Isroil – oʻzi xon, koʻlankasi maydon(mi?)

Isroil – oʻzi xon, koʻlankasi maydon(mi?)
Kecha BMTning Inson huquqlari kengashida yana bir bor Isroilning huquqbuzarliklari va zoʻravonliklari koʻrib chiqildi. Ochigʻini aytganda, bunaqasi koʻp boʻlgan: Isroilga BMTning tanqidlari ham, rezolyutsiyalari ham taʼsir qilgani yoʻq. U har doimgidek oʻz bilganidan qolmasligi ehtimoli katta. Zero, Isroil BMTning yoki xalqaro hamjamiyatning chaqiriqlariga quloq soladigan davlat boʻlganida, bosib olgan Falastin yerlarini allaqachon boʻshatib qoʻyar edi.

Falastinliklarning “Buyuk qaytish marshi” bilan bogʻliq hodisalarni tekshirgan Xalqaro mustaqil komissiya dushanba kuni Inson huquqlari kengashiga oʻz hisobotini taqdim qildi. Unda oʻtgan yilgi namoyishlar chogʻida Isroil falastinliklarga nisbatan noqonuniy kuch qoʻllagani aytilgan.

Komissiya hisoboti 2018 yilning 30 martidan dekabrigacha boʻlgan davrni qamrab olgan. Bu davrda 189 kishi halok boʻlgan va ulardan 183 nafari oʻqotar qurol qoʻllash oqibatida oʻlgan. Halok boʻlganlar orasida 35 nafar bola, uch tibbiyot xodimi va ikki jurnalist bor. Tibbiyot xodimlari va jurnalistlar ustida ajratib turuvchi belgisi boʻlishiga qaramay oʻldirilgan. Bundan tashqari, 6016 falastinlik yaralangan. Tartibsizliklar chogʻida isroillik toʻrt askar jarohat olgan va bir nafari oʻlgan.

“Biz Isroilni xavfsizlik kuchlarining bunday vaziyatlardagi harakatlari toʻgʻrisidagi protokolni qayta koʻrib chiqishga va uni xalqaro standartlarga moslashga qatʼiy suratda chaqiramiz”, – deyiladi hisobotda.

Ikki haftadan soʻng “Qaytish marshi” namoyishlari boshlanganiga bir yil toʻladi.

“Shu munosabat bilan yangi ommaviy aksiyalar boshlanishi kutilmoqda. Oʻtgan yilning 30 marti, 14 mayi va 12 oktyabrida boʻlgani kabi haddan tashqari kuch qoʻllash takrorlanmasligi kerak”, – dedi komissiya raisi, argentinalik Santyago Kanton.

Undan tashqari ekspertlar guruhiga bangladeshlik Sora Husayn va keniyalik Betti Murungi ham kirgan. Mazkur komissiyani oʻtgan yilning mayida BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzolari tuzgan. Komissiya raisi Santyago Kanton kechagi maʼruzasida namoyishchilarga qarata oʻq otish haqidagi buyruq xalqaro huquqqa zid boʻlganini taʼkidladi.

Komissiya aʼzolarining fikricha, Isroil xavfsizlik kuchlari amal qiladigan protokol huquqbuzarliklar sabablaridan biridir. Ushbu qoidalarga muvofiq isroillik harbiylar olomon ichidagi “asosiy sababchilar”ni topishi va ular pokrishka yoqadigan boʻlsa yoki (Gʻazoni Isroildan ajratib turadigan) toʻsiqni buzishga urinsa, oyoqni nishonga olgan holda jangovar oʻq uzishi mumkin.

“Biz buni inson huquqlari boʻyicha yuksak xalqaro standartlarga mos emas deb hisoblaymiz, – dedi Kanton. – Bu qoidalarga rioya etilishi oqibatida 4903 kishi oyoqlaridan yaralangan, oʻq uzilgan paytda ular yuz metr narida boʻlgan”.

Betti Murungining aytishicha, tartibsizliklarda qatnashmagan va Isroil xavfsizlik kuchlari yoki fuqarolari uchun hech qanday xavf tugʻdirmagan kishilarga oʻq uzilgani haqida gapirish uchun asos bor. U komissiya nomidan oʻtgan yili Gʻazo chegarasidagi namoyishlar chogʻida 11 falastinlikning oʻldirilishi yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilganini olqishladi.

“Biz Isroil havfsizlik kuchlari tomonidan oʻqotar qurol ishlatilgan barcha holatlarni tekshirishga chaqiramiz”, – dedi u.

“Isroillik snayperlar oʻta tezkor oʻqlardan va takomillashtirilgan snayper miltiqlaridan foydalangani aniqandi, – dedi Sora Husayn. – Ular nishonni kattalashtirilgan hajmda koʻrgan, harakatlarining oqibatini bilgan, shunga qaramay tepkiga bosgan: bir marta esa 6000 mingdan koʻproq marta. Ular qurolsiz namoyishchilarni, bolalarni va nogironlarni, tibbiyot xodimlari va jurnalistlarni otib tashladi”.

U namoyishchilar tosh otganini, toʻsiqdan oʻtishga uringanini, yonuvchan varrak va pufaklar uchirganini eʼtirof etdi. Biroq komissiya aʼzolari bularning bari oʻqotar quroldan foydalanish uchun asos emas va xavfsizlik kuchlarining javobi “noproporsional” boʻlgan degan fikrda.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil – oʻzi xon, koʻlankasi maydon(mi?)