date
views 2 943

Mag‘lubiyatdan keyin Neymarning asablari dosh bermadi: «U menga kartoshka berdi»

Mag‘lubiyatdan keyin Neymarning asablari dosh bermadi: «U menga kartoshka berdi»
«PSJ» yulduzi Neymar yana bir mojaroga o‘ralashib qoldi. Bu safar o‘z qo‘li bilan.

Nima ro‘y berdi?
«PSJ» shanba oqshomida Fransiya Kubogi finalida sensatsion ravishda «Renn»ga yutqazib qo‘ydi (2:2, penaltilar bo‘yicha 5:6) va so‘nggi 5 yilda ilk marta mazkur turnir finalida yutqazdi. Neymar jamoasining ikki golida ham ishtirok etdi, avvaliga Dani Alvesga hisobni ochishda golli pas uzatdi, ko‘p o‘tmay o‘zi hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi, ammo «Renn» o‘yin oxiriga qadar hisobni tenglashtirib, o‘yinni overtaymlarga olib o‘tdi va yakunda penaltilar seriyasida omadliroq chiqdi.

Fransuz nashrlari Neymar bu o‘yinda samaradorlik ko‘rsatgan bo‘lsa-da (u penaltilar seriyasida ham beshinchi bo‘lib nuqtaga keldi va aniq harakat qildi, ammo undan keyin to‘p tepgan Nkunkuning xatosi jamoa mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi), uni o‘z darajasida o‘ynay olmaslikda ayblamoqda. U yoki jarohatidan to‘liq tuzala olmagan yoki shu yil iyunida Braziliya mezbonligida o‘tkaziladigan Amerika Kubogiga (Kopa Amerika) kuch tejamoqda.

«PSJ» futbolchilari kumush medallarni olish uchun tribunaga ko‘tarilayotgan vaqtda Neymar muxlislardan biri oldida to‘xtadi va o‘ziga tutilgan kamerani qo‘li bilan yopdi, keyin esa fanatning jag‘iga musht tushirdi. Braziliyalik futbolchi yo‘lida davom etdi, uning ortidan kelayotgan Mussa Diabi fanatga va uning sherigiga qandaydir javob qaytarishga yo‘l qo‘ymadi.

Videoda ko‘rish mumkinki, muxlislar yonida bir kichik bola ham bo‘lgan va u sal qolsa Neymarning harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lardi.

Fanatning o‘zi nima dedi?
Bu fanat faqatgina Neymarga e’tirozlarini bildirmagan. Neymardan oldinda yurgan Janluiji Buffon, Marko Verratti va Leven Kurzava ham undan turli kamsitish so‘zlarini eshitgan, ammo ular bunga e’tibor qilmasdan yo‘lda davom etishgan.

Fanat bu voqeadan u qadar qattiq xafa bo‘lmagan. U ko‘p o‘tmay instagramdagi sahifasiga o‘zining telefonida olingan videoni joylashtirdi va unga kinoya bilan shunday izoh qoldirdi: «Menga kartoshka bergan Neymar». Bu ibora Yevropa lahjasida «meni urgan» ma’nosida ishlatiladi.

Reaksiya
Qayd etish kerakki, bu Neymar haqida keyingi kunlardagi navbatdagi mojaroli xabar bo‘lmoqda. Biroz oldin braziliyalik futbolchi UYeFA tomonidan yevrokuboklardagi uch o‘yindan diskvalifikatsiya qilingandi. Bunga u mart oyi boshida «PSJ»ning «MYu»ga qarshi Parijdagi YeChL nimchorak finali doirasidagi javob o‘yinidan keyin hakam sha’niga haqoratli so‘zlarni aytgani sabab bo‘lgandi. Fransuz nashrlarida yozilishicha, kubok finalidan keyingi harakatlari uchun u yana jazolanishi mumkin - bu safar ichki turnirlardagi o‘yinlardan diskvalifikatsiya bo‘lishi kutilmoqda.

Neymarning o‘zi bu epizodga izoh bermadi. Lekin u o‘yindan keyin «PSJ»ning yosh futbolchilariga qaratilgan e’tirozlarini bildirib o‘tdi va ularni tajribali futbolchilar va murabbiylarning so‘zlarini tinglamaslikda aybladi. U ehtimol «Renn»ga qarshi o‘yin davomida qizil kartochka olgan 20 yoshli Mbappeni, ehtimol avtogol urgan Kimpembeni, ehtimol penaltini tepa olmagan Nkunkuni, balki ularning barchasini nazarda tutgan.

«Biz yaxlit bir jamoa bo‘lishimiz kerak. Yosh futbolchilar kam gapirib, ko‘p eshitgani yaxshi. Ular tajribali futbolchilar yoki hatto murabbiy nima haqdadir tushuntirish bera boshlasa, norozi bo‘lishadi. Bunaqada biz hech narsaga erisha olmaymiz. Tajribani hurmat qilish kerak, men yoshligimda shunday qilganman», dedi u.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mag‘lubiyatdan keyin Neymarning asablari dosh bermadi: «U menga kartoshka berdi»