
Bugungi kunda musulmon jamoalari dunyoning deyarli hamma joylarida mavjud. Ba’zi mintaqalarda Islom chuqur ildiz otgan va uzoq tarixga ega, ammo ayrim o‘lkalarda musulmon jamoalari yaqinda paydo bo‘lganligi bilan o‘ziga xosdir. London, Nyu-York, Parij va Berlin kabi shaharlarda musulmon jamoalari borligini hamma biladi, Eastern Eye portali esa musulmonlar yashayotganligi bilan o‘quvchini ajablantiradigan joylarning ro‘yxatini taqdim etdi.
Islandiya

Musulmon manbalarida Islandiya haqida dastlabki eslatmalar XII asrga to‘g‘ri keladi. Arab geografi va olimi Muhammad al-Idrisiy o‘zining mashhur "Tabula Rogeriana" asarida mazkur hududning bayonini keltirgan. Ammo birinchi musulmonlar Islandiyaga XVII asrdan kelishni boshlagan. Hozir bu yerda Islomga e’tiqol qiluvchi 400 ga yaqin inson bor. Ularning aksariyati mamlakatning poytaxti va eng katta shahri, Islandiyada yagona masjidga ega Reykyavikda ishlaydi va yashaydi.
Makao

Xitoyning yarim avtonom Makao shahri bugungi kunda butun dunyoning bo‘lmasa ham, Osiyoning “qimor o‘yinlari poytaxti” sifatida tanilgan. Bu yerdagi ilk musulmonlar yuzlab yillar oldin o‘z tijoratlarini olib borgan savdogarlar edi. Hozirgi vaqtda Makaoda 10 mingga yaqin musulmon yashaydi va ishlaydi, ular asosan vaqtinchalik ishchilardir.
Sitsiliya

Italiyaning janubiy qirg‘og‘idagi katta mazkur orol aslida bir paytlar dunyodagi eng mashhur musulmon jamoasini o‘zida mujassamlashtirgan Sitsiliya amirligi hukmronlik qilgan maskandir. Sitsiliya amirligining hukmronligi 902 yildan 1061 yilgacha davom etgan, shundan keyin orol ustidan hokimiyat vizantiyaliklar qo‘liga o‘tdi. Bu shuni anglatadiki, hozirgi Sitsiliya musulmon jamoasi Yaqin Sharqdan tashqaridagi dunyoning eng qadimgi shunday jamoalardan biridir. Bugungi kunda Sitsiliyada minglab musulmonlar istiqomat qilmoqda, ularning aksari ko‘p yillar davomida bu diyorni maskan tutgan insonlardir.
Braziliya

Braziliyadagi musulmonlarning aniq sonini aytish qiyin, chunki musulmonlar hisobini yuritish hukumat statistik faoliyatida nazarda tutilmagan. Ammo, ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu mamlakatda 35000 dan 500 000 gacha musulmon doimiy ravishda yashaydi. Musulmonlar birinchi marta Braziliyaga XVI asrda qul qilib olib kelingan. Keyinchalik, XIX-XX asrlar davomida arab dunyosidan bu hududlarga ko‘chish to‘lqini yuz bergan. Bugungi kunda Braziliya musulmonlari istiqomat qiladigan asosiy aholi punktlari bu mamlakatning biznes poytaxti San-Paulu va janubiy Pirana shtatidir.
Hamid Sodiq tarjimasi
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar