16:10 / 07.01.2020
2 877

Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot deb tan oldi

Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot deb tan oldi
Foto: AP Photo/Charles Dharapak
Eron parlamenti ochiq yig‘ilishda Pentagonni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritishga qaror qildi. Bu haqda mahalliy Press TV telekanali xabar berganini Kun.uz nashri ma’lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, majlisda qatnashgan 230 kishidan 228 parlamentariy bunday tashabbus uchun ovoz berdi. Yana ikki deputat betaraf qolgan, hech kim qarshi chiqmadi.

Ushbu qaror Iroqda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi ortidan qabul qilindi.

Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi.

Hujum AQSH prezidenti Donald Trampning farmoyishiga binoan amalga oshirildi. U Sulaymoniy dunyoning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va millionlab kishilarning o‘limi uchun javobgarligini aytib o‘tdi. Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishi urushning boshlanishi emas, urushning yakunlanishi bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Shanba kuni Oq uy AQSH 82-havo desant diviziyasidan Yaqin Sharqqa 3000 askar yuborayotganini e’lon qildi. Reuters’ning Pentagonga tayangan holda xabar berishicha, bu qaror AQSHga qarshi tobora kuchayib borayotgan xavf fonida ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan. Qo‘shinlar bu hafta 750 nafar amerikalik harbiy yetib kelgan Kuvaytga joylashtiriladi.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Trampning «Tvitter»da ma’lum qilishicha, agar Tehron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi tufayli amerikaliklarga hujum qilsa, unda Qo‘shma Shtatlar «Eron uchun juda muhim bo‘lgan» 52ta ob’ektga «juda tez va juda kuchli» zarba berishga tayyor turibdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot deb tan oldi