date
views 3 399

Urushdan qochgan suriyalik kulol Turkiyada nimalar qilmoqda?

Urushdan qochgan suriyalik kulol Turkiyada nimalar qilmoqda?
Husayn Nassan Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Idlib shahrida yashagan. U 30 yoshda. Ikki yil avval urush tufayli o‘z ona yurtini tashlab, Turkiyaga ko‘chib kelishga majbur bo‘ldi, deya yozadi “Anadolu”ga tayanib Azon.uz nashri.

Nassanning so‘zlariga ko‘ra, 5 yil davomida u otishma va portlashlar shovqini ostida yashashga majbur bo‘lgan. “Men dahshatli narsalarni ko‘rdim, eng yaqin qarindoshlarimni yo‘qotdim.
Zavodlar bombardimon qilindi, savdo qilishning iloji bo‘lmadi. Urush – dahshat. Ortiq bardosh berolmadik. O‘z hayotimizdan qo‘rqib, Turkiyadan boshpana so‘radik
”, – deydi u.

Husayn Nassan Bilejik viloyatiga joylashib, oilasini boqish uchun ish qidira boshladi. Kasbi kulol bo‘lgani sababli internetdan tegishli takliflarni qidirib topdi: “Men Bozoreri yonida joylashgan Kinik qishlog‘ida hunarmand kerakligini bildim, u yerga bordim, ular meni qabul qilishdi. Otam va bobom ham kulol edi, bu kasb menga ulardan o‘tgan va 15 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanaman. Turkiyani sevib qoldim. Bu yerda ajoyib odamlar bor, turklar juda mehmondo‘st xalq. Turkiya men kabi suriyalik qochqinlar uchun eshiklarini ochdi va bu hech qachon unutilmaydi. Alloh bu yurtdan rozi bo‘lsin”.

Husayn Nassan ishlaydigan ustaxonaning egasi Emin Arslan ham 35 yildan beri ushbu hunarmandchilik turi bilan shug‘ullanib keladi. Tajribali kulollar Kinikda yetishmay qolganda, u boshqa joylardan ishchi qidira boshladi. “O‘shanda Husayn bizning ustaxonaga keldi. Shu kuni uni ish stoliga taklif qilib, uning mahoratini sinash uchun kichik bir narsa yasashini so‘radim. Keyinchalik u katta ishlar qila boshladi”, – deydi Emin Arslan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Huseyn yosh bo‘lsa-da, o‘z kasbini yaxshi biladi va har qanday mahsulotni tayyorlay oladi. “Biz ikki yildan beri birga ishlaymiz. U bizdan nimadir oladi, biz esa undan. Qolaversa, u o‘g‘limga ustozlik qilmoqda, unga kulolchilik sirlarini o‘rgatmoqda”, – deydi usta.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Urushdan qochgan suriyalik kulol Turkiyada nimalar qilmoqda?
-->