date
views 3 163

Italiyada insonparvarlik yordami uchun Putinga tashakkur bildirganlarga pul taklif qilishmoqda

Italiyada insonparvarlik yordami uchun Putinga tashakkur bildirganlarga pul taklif qilishmoqda
Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan, Rossiya Italiyaga insonparvarlik yordami jo‘natdi. Endi italiyaliklarga buning uchun Rossiya va shaxsan Vladimir Putinga tashakkur bildirib, videoga tushish uchun pul taklif qilinmoqda, deb xabar tarqatdi La Repubblica gazetasiga tayanib Kun.uz nashri.

Xabarda aytilishicha, Italiyada yashovchi rossiyaliklar o‘zlarining italyan tanishlariga nomi aytilmagan «rus ommaviy axborot vositasi»ning videoroligida suratga tushish taklifini WhatsApp orqali jo‘natishmoqda.

La Repubblica ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum OAVga «Rossiya tomonidan jo‘natilgan insonparvarlik yordami haqida biror yaxshi gap ayta oladigan» 15 nafar italiyalik kerak.
Ular o‘zlarining «minnatdorchilik» bitiklarini Tvitter, Feysbuk yoki Instagramda yozib qoldirishlari mumkin.

Video uchun 200 yevro, matnli izhor uchun «ozroq berilishi» taklif qilingan.
Nashr TikTok ijtimoiy videotarmog‘iga video joylab, Putinga rahmat aytgan qiz bilan bog‘langan. Qizning aytishicha, shunaqa qisqa video uchun uning do‘sti 20 yevro olgan.

Rossiyaning Italiyadagi elchixonasi bu iltimoslar haqida hech narsa bilmasliklarini aytib, xabarning o‘zini «firibgarlarning provokatsiyasi» deb atagan.
Elchixonadagilar shundoq ham kuniga samimiy minnatdorchilik bildirilgan yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini ta’kidlashgan.

Avvalroq Rossiya Italiyaga harbiy tibbiyotchilar, dori-darmonlar va tibbiy uskunalardan iborat insonparvarlik yordami jo‘natgan edi. Ayrim italyan nashrlari bu yordamning 80 foizini befoyda deb atagan.

Italiya – AQSH va Ispaniyadan so‘ng COVID-19ni yuqtirib olganlar soni bo‘yicha jahonning uchinchi (160 mingga yaqin), qurbonlar soni bo‘yicha AQSHdan keyin ikkinchi mamlakati (20 mingdan ortiq) bo‘lib turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Italiyada insonparvarlik yordami uchun Putinga tashakkur bildirganlarga pul taklif qilishmoqda