16:28 / 30.04.2020
3 853

Koronavirus Tojikistonda. Vazirlik zararlanish holatlarini rasman tasdiqladi

Koronavirus Tojikistonda. Vazirlik zararlanish holatlarini rasman tasdiqladi
Tojikistonda rasman 15 kishida koronavirus aniqlangani aytilyapti. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligida o‘tgan respublika shtabining favqulodda yig‘ilishida ma’lum qilingan.

Asia-Plus nashri xabar berishicha, koronavirusga qarshi kurash uchun tuzilgan maxsus shtabning favqulodda yig‘ilishida ham Tojikistonda koronavirus aniqlangani e’lon qilingan. Yig‘ilishda mamlakat bosh vaziri Qohir Rasulzoda ham qatnashgan. Koronavirusga chalingan 15 bemorning 10 nafari Dushanbeda, 5 nafari So‘g‘dda qayd etilgan.

Hozirda Tojikistonda 2 ming kishi nazorat ostiga olingan.

Tojikistonda koronavirus borligi haqidagi vahima aprel oyi boshida paydo bo‘lgandi. O‘shanda 59 yoshli Habibullo Shodiyev pnevmoniyada vafot etgandi. Bu odam Qirg‘izistondagi qarindoshining to‘yida koronavirus yuqtirgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa bunday xabarlarni rad etib, bemor o‘limiga pnevmoniya sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Qizig‘i, bu o‘lim holatidan so‘ng marhum Shodiyevning barcha oila a’zolari va uni davolagan shifokorlar karantinga olindi. 11 aprel kuni olamdan o‘tgan Habibullo Shodiyevning akasi bilan aloqada bo‘lgan shifokorlardan biri ham olamdan ko‘z yumdi va mamlakatda mish-mishlar yana ko‘paydi. Rasmiy ma’lumotda esa shifokor yurak kasalidan o‘lgani aytildi.

Keyinroq Shodiyevning dafn marosimida qatnashgan 56 yoshli qarindoshi Abduxalil Jo‘raboyev ham pnevmoniyadan vafot etdi. Shundan keyin ham Tojikistonda koronavirus borligi e’lon qilinmagan va mamlakat doimiy tarzda koronavirussiz mamlakatlar qatorida e’tirof etib kelinayotgandi.

Tojikistonda koronavirus aniqlangani e’lon qilingach, ko‘chada tibbiy niqobda yurish majburiy qilib belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus Tojikistonda. Vazirlik zararlanish holatlarini rasman tasdiqladi