10:53 / 09.05.2020
2 142

Vladimir Zelenskiy Saakashvili sababli Gruziyaning Ukrainadagi elchisi chaqirib olinishini xato deb atadi

Vladimir Zelenskiy Saakashvili sababli Gruziyaning Ukrainadagi elchisi chaqirib olinishini xato deb atadi
Foto: AP Photo
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Mixail Saakashvilining Ukraina Islohotlar ijroiya qo‘mitasi rahbarligiga tayinlanishi munosabati bilan Gruziyaning Kiyevdagi o‘z elchisini chaqirib olishi xato hisoblanadi. Bu haqda «Nash» telakanali xabar berdi.

Zelenskiyning aytishicha, elchining chaqirib olinishi Gruziya tomonining xatosi hisoblanadi. Uning qayd etishicha, Ukrainaning Gruziya xalqi bilan munosabatlari ajoyib. Prezident Ukraina Gruziyadagi elchisini chaqirib olmasligini bildirgan.

Avvalroq Gruziya tashqi ishlar vaziri David Zalkaliani maslahatlashuvlar uchun Kiyevdagi elchi chaqirib olinganini ma’lum qilgandi. Gruziya hukumati Ukraina bilan diplomatik munosabatlarni uzish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti, biroq Gruziya sud tizimi tomonidan sud qilingan va izlanayotgan shaxsning davlat lavozimiga tayinlanishi Gruziya hukumatida savollarni yuzaga keltirmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 7 may kuni Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini prezident qoshidagi Milliy islohotlar kengashi tarkibiga kiruvchi Islohotlar ijroiya qo‘mitasi rahbari etib tayinladi.

Dastlab Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Saakashvilini islohotlar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlashni ko‘zlagan edi. Biroq Ukraina Oliy radasi deputatlari Saakashvilining bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishini qo‘llab-quvvatlamadi. Dastlabki muhokamalar chog‘ida Ukraina hukumati Saakashvilini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarlicha ovoz to‘play olmagan va uning nomzodini ovozga qo‘yishdan oldin qaytarib olgan. Keyinroq Zelenskiy Saakashvili bilan ishning boshqa formatini muhokama qilgani ma’lum bo‘lgan.

Mixail Saakashvili 2004—2013 yillarda Gruziya prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik saylovidagi mag‘lubiyatdan keyin u mamlakatni tark etgan va Ukrainaga kelgan.

Tbilisi sudi 2018 yilda mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini sirtdan uch yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, sobiq prezident 2008 yilda Gruziya birlashgan bankining xodimi Sandro Girgvlianini o‘ldirganlikda ayblangan to‘rt nafar politsiyachini afv etish bilan o‘z vakolatini suiiste’mol qilgan.

2014 yil noyabrida Gruziya prokuraturasi Saakashvilini qotillik bo‘yicha tergovga aralashishga uringanlikda ayblab, mamlakatdan chiqib ketganligi sababli uni qidiruvga bergan. Ukrainada ham Gruziyaning sobiq prezidentiga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, xususan, unga jinoiy tashkilotlarni targ‘ib qilish va ularning faoliyatini yashirish ayblovi qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vladimir Zelenskiy Saakashvili sababli Gruziyaning Ukrainadagi elchisi chaqirib olinishini xato deb atadi