18:28 / 09.06.2020
3 114

Koronavirus epidemiyasi 2019 yil yozda boshlanganiga ishora qiluvchi belgilar paydo bo‘ldi

Koronavirus epidemiyasi 2019 yil yozda boshlanganiga ishora qiluvchi belgilar paydo bo‘ldi
Foto: «abcnews.go.com»
Amerikalik olimlar koronavirus epidemiyasi Uxanda o‘tgan yili yozda boshlangan bo‘lishi mumkin degan taxminni ilgari surishmoqda, deya xabar berdi «ABC News».

Garvard universiteti Tibbiyot maktabi professori Jon Braunsteyn rahbarligidagi bir guruh olimlar so‘nggi ikki yil davomida shahardagi yirik shifoxonalarning avto turargohlarida bandlik dinamikasini sun’iy yo‘ldoshlardan olingan suratlar orqali tahlil qilishdi.

Buni qarangki, shifoxona avto turargohlaridagi mashinalar soni 2019 yil avgustdan birdan ko‘paya boshlagan. Kuzda bandlik eng yuqori darajaga yetgan. Mana, masalan, 10 oktabrda Tyanyu gospitali avto turargohida 285 ta mashina turgan bo‘lsa, bir yil oldin bor-yo‘g‘i 171 ta mashina bo‘lgan. O‘sish 67 foizni tashkil etgan. Ba’zi kunlari hatto 90 foizgacha farq qilgan, deydi tadqiqotchilar.

Shuningdek, ular Xitoydagi «Baidu» qidiruv tizimi foydalanuvchilarining so‘rovlari bilan ham qiziqib ko‘rishgan. Ta’kidlanishicha, kuzning boshlarida odamlar yo‘tal va diareya haqidagi ma’lumotlarni ko‘proq izlashgan — bu alomatlar keyinchalik koronavirus infeksiyasiga xosligi oydinlashgan.

Guruh rahbarining so‘zlariga ko‘ra, trafik o‘sishi bilan COVID-19 epidemiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida to‘la ishonch bilan gapirib bo‘lmaydi. Biroq tadqiqotchilarning fikricha, Uxandagi vaziyat dengiz mahsulotlari bozorida virus tarqalishidan ancha oldin yomonlashgani aniq.

Dekabrning oxirida Uxanda noma’lum pnevmoniya tarqalishi qayd etildi. Xitoy hukumati bu haqda yilning eng oxirgi kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini xabardor qildi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi yangi tipdagi koronavirus ekanligi ma’lum bo‘ldi, keyinchalik xastalik rasman COVID-19 deb atala boshladi. Yanvarda Xitoyda qat’iy karantin choralari joriy etildi, biroq infeksiya tarqalishini to‘xtatib qololmadi. 11 mart kuni JSST butun jahon pandemiyasini e’lon qildi.

O‘shandan beri COVID-19 dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qayd etildi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 7 million kishida koronavirus aniqlandi, 400 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus epidemiyasi 2019 yil yozda boshlanganiga ishora qiluvchi belgilar paydo bo‘ldi