12:50 / 16.06.2020
1 947

Xitoylik milliarderni o‘z uyidan o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘ldi

Xitoylik milliarderni o‘z uyidan o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘ldi
Foto: Twitter/ChinaPropertyFocus
Xitoylik milliarder, Midea Group kompaniyasi asoschisi Xe Syanszyanni o‘z uyidan o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘ldi. Biroq jinoyatchilarning qabih rejasi milliarder o‘g‘lining abjir harakatlari evaziga amalga oshmadi.

The New York Times nashrining xabar berishicha, jinoyatchilar milliarderning Foshan shahridagi villasiga bostirib kirib, u yerdagi barcha odamlarni garovga olgan. Biroq milliarderning o‘g‘li qochib ketishga va politsiya chaqirtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Milliarderning 55 yoshli o‘g‘li, Midea Group direktorlaridan biri Xe Szyanfen uydan qochib chiqib, yaqin oradagi daryoni suzib o‘tgan va voqea haqida politsiyaga xabar qilgan. Tez orada politsiya xodimlari tadbirkorni va uning oila a’zolarini ozod qilishgan va 5 kishini hibsga olishgan.

Gumonlanuvchilarda portlovchi qurilmalar bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ular jinoyat vaqtida ushbu portlovchi qurilmalarni qo‘llagan. Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari jinoyatni jangari film syujetiga qiyoslashgan.

Midea Group kompaniyasi Sina Weibo’dagi sahifasida politsiyaga minnatdorlik so‘zlarini bildirgan. “Politsiyaga, ommaviy axborot vositalari va jamiyatning barcha qatlamlariga qilingan ishingiz uchun rahmat”, deyilgan xabarda.

Xe Syanszyan Xitoyda maishiy texnika ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya asoschisi hisoblanadi. Forbes Rich List ro‘yxatiga ko‘ra, uning boyligi 25 mlrd dollarga baholanadi. U Xitoydagi 6-raqamli, butun dunyo bo‘yicha esa 36-raqamli eng boy inson hisoblanadi.

Xe Syanszyan Midea kompaniyasini 26 yoshida 1968 yilda tashkil etgan. Kompaniya dastlab butilkalar uchun qopqoqlar va avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqargan, hozirda esa maishiy texnika va konditsionerlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Xe, shuningdek, dunyodagi eng yirik robototexnika kompaniyalaridan biri - Germaniyaning Kuka kompaniyasiga egalik qiladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoylik milliarderni o‘z uyidan o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘ldi