22:17 / 21.07.2020
2 368

Ukrainada qurollangan erkak yo‘lovchilari bo‘lgan avtobusni garovga oldi (video)

Ukrainada qurollangan erkak yo‘lovchilari bo‘lgan avtobusni garovga oldi (video)
Foto: Reuters
Ukraina g‘arbidagi Lutsk shahrida noma’lum erkak avtobusni yo‘lovchilari bilan garovga oldi. Hodisa joyida o‘q ovozlari eshitilgan. Politsiya tomonidan ma’lum qilinishicha, jinoyatchida qurol va portlovchi qurilma mavjud. Berestechko — Krasilovka yo‘nalishida harakatlangan avtobus salonida, taxminan, 20 kishi bor, hozircha jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Avtobusni garovga olgan shaxsning aytishicha, shaharda portlovchi qurilma o‘rnatilgan yana bitta avtomobil mavjud, biroq bu ma’lumot hali tasdiqlanmagan. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Jinoyatchi o‘zini Maksim Ploxoy deb tanishtirgan, o‘z harakatlariga sabab sifatida u rasmiylar bilan kelisha olmaganini aytgan. U o‘zining Telegram’dagi kanalida «Davlat birinchi terrorchi», deb yozgan hamda o‘quvchilarini «Tizimga qarshi kun» bilan tabriklagan. U sudlar, vazirliklar, prokuratura, parlament, cherkovlar vakillari, shuningdek, Ukraina oligarxlaridan YouTube’ga o‘zlarining «qonundagi terrorchilar» ekanligi haqida roliklar joylashini talab qilgan. Shuningdek, u mazkur talabni murojaat ko‘rinishida YouTube’ga joylashtirgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hujum qilgan kishining shaxsini aniqlagan. U 1975 yilda tug‘ilgan orenburglik Maksim Krivosh bo‘lib chiqqan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, erkak og‘ir jinoyatlar uchun ikki marta sudlangan. U 2014 yilda 400 nusxada «Jinoyatchi falsafasi» nomli kitob chiqargan. Kitobda Maksim Krivosh o‘z tarjimai holidan ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilgan, xususan , u ziyolilar oilasida o‘sganini, biroq bolaligida jangari filmlarni ko‘p ko‘rgani va «katta odam bo‘lishga qaror qilganini» ma’lum qilgan. Shuningdek, u jinoiy guruh tuzgani va boshqargani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Hodisa joyiga avtobusni egallash va jinoyatchini zararsizlantirishga tayyor bo‘lgan maxsus bo‘linma yuborilgan. Shuningdek, Lutskka Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov ham yetib borgan.

Arsen Avakov hodisa yuzasidan ma’lumot bergan. Vazirning ma’lum qilishicha, jinoyatchi bilan aloqa o‘rnatilgan, u bilan muloqot olib borilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, garovdagi odamlar normal holatda. Vaziyatni yaqin vaqt ichida hal qilishga umid bildirilmoqda.

Vazir jurnalistlardan mazkur vaziyat bilan bog‘liq xabarlar bo‘yicha maksimal darajada ehtiyot bo‘lishni so‘ragan. Xususan, Avakov Krivoshning ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolangani haqidagi ma’lumotni inkor qilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tegishli xizmatlar terrorchining rafiqasi va qarindoshlari bilan bog‘langan. Vaziyatni tinch yo‘l bilan yechishga harakat qilinmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada qurollangan erkak yo‘lovchilari bo‘lgan avtobusni garovga oldi (video)