10:24 / 02.08.2020
2 690

Jirinovskiy Lukashenkoga prezidentlik saylovlaridan voz kechishni maslahat berdi

Jirinovskiy Lukashenkoga prezidentlik saylovlaridan voz kechishni maslahat berdi
Foto: Russia.tv
Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy o‘zining siyosiy faoliyatining 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga 9 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda o‘z nomzodidan voz kechishni taklif qildi. Bu haqda «RIA Novosti»ga tayanib, «RBK» xabar berdi.

«Hokimiyat bu – qizil yo‘lak, samolyotlar, faxriy qorovul va hammaning ta’zim qilishi ... Bu eng yomon narkotik. Lukashenko bulardan voz kecholmaydi», – dedi Jirinovskiy.

Jirinoviskiy Belarus rahbariga chiroyli saylov o‘tkazishni maslahat bergan.
«Aleksandr Grigorevich, (saylovdan) voz keching va nomzodingizsiz chiroyli saylovlar o‘tkazing», – deya maslahat berdi partiya rahbari.

Mamlakatni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko ketma-ket oltinchi muddatga saylanmoqchi. 14 iyul kuni Belarus Markaziy saylov komissiyasi uning nomzodini ro‘yxatga oldi. Hozirgi davlat rahbaridan tashqari yana to‘rt kishi prezidentlikka da’vogar. Bular: bloger Sergey Tixanovskiyning rafiqasi Svetlana Tixanovskaya, «Haqiqatni gapiring» uyushmasining hamraisi Andrey Dmitriyev, sobiq deputat Anna Kanopatskaya va Belarus Sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Sergey Cherechen.

Markaziy saylov komissiyasi yana ikkita muxolif nomzodni — «Belgazprombank»ning sobiq rahbari Viktor Babariko va Hi-Tech Park’ning sobiq direktori Valeriy Sepkaloni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etdi. Shundan so‘ng Belarusda norozilik namoyishlari boshlandi.

Sepkalo «RBK»ga bergan intervyusida noroziliklarning kuchayishi fuqarolarning iqtisodiy darajasining pasayishi, bir kishining boshqaruvidan charchash va siyosiy erkinlikning yo‘qligi bilan izohladi.

«Menimcha, odamlar bitta odamning uzoq vaqt hukmronligidan juda charchagan. Endi odamlar o‘zgarishni xohlamoqda», – dedi Sepkalo.

Avvalroq Belarusda 64 ming kishi ishtirok etgan norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Namoyish nomzod Svetlana Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan.

Shuningdek, Belarusdagi saylovlar arafasida 30 dan ortiq rossiyalik hibsga olingan. BЕLTA davlat agentligining so‘zlariga ko‘ra, ular vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida mamlakatga kelgan. Belarus Tergov qo‘mitasi hibsga olinganlarni ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashda gumon qilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jirinovskiy Lukashenkoga prezidentlik saylovlaridan voz kechishni maslahat berdi