00:06 / 25.09.2020
2 716

Marshal Abdurashid Do‘stum: «Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman»

Marshal Abdurashid Do‘stum: «Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman»
Foto: AP Photo
Asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan, hozirda Afg‘oniston vitse-prezidenti marshal Abdurashid Do‘stum Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqi borasidagi fikrlari bilan bo‘lishdi, deb xabar beradi O‘zA.

- "O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman.

Bu nutqda dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida O‘zbekiston siyosiy yondashuvi aniq va teran yoritib berilgan. O‘zbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi.

Men bundan shaxsan o‘zim o‘zbek o‘g‘loni va afg‘onistonlik o‘zbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir. O‘zbek tilida so‘zlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik O‘zbekiston ahlini, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afg‘onistondagi o‘zbeklarni ham chin ma’noda g‘ururlantirdi.

O‘zbekistonning, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oxirgi yillarda olib borayotgan siyosati va islohotlari nafaqat mamlakat ichidagi oqilona o‘zgarishlarga, balki O‘zbekistonning mintaqadagi va dunyodagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston har doim o‘zining tinchlikparvarlik siyosati bilan dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelgan. 2001 yil oxirida Afg‘onistonda boshlangan xalqaro terrorizmga qarshi kurashni amalga oshirish tashabbuschilaridan biri ham O‘zbekiston edi.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston o‘z yo‘lida davom etdi, qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, bu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga faol jalb qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Xususan, 2018 yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini tinchlik yo‘li bilan hal qilishga asosiy turtki bo‘ldi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida yaqinda Qatarning Doha shahrida birinchi marta afg‘onlararo muzokaralar o‘tkazildi. O‘ylaymanki, bu boshlangan ezgu ish o‘z ijobiy natijasini beradi.

O‘zbekiston hukumatining Afg‘oniston hududida barpo etishi kutilayotgan Surxon–Puli Xumri elektr uzatish tarmog‘i hamda Mozori-Sharif shahridan Hind okeaniga olib chiquvchi temir yo‘l loyihalari mening yurtimning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga ulkan hissa qo‘shadi. Mazkur tashabbuslar tarixda ikki davlatni chambarchas bog‘lovchi ramziy ko‘prik sifatida qolishiga ishonaman", - deydi Afg‘oniston milliy islomiy harakati asoschisi, Afg‘oniston o‘zbeklari rahbari Marshal Abdurashid Do‘stum.

Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasining yalpi qismida so‘zga chiqib, xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini taqdim etdi hamda O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti sessiyada qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlashni, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish haqida BMT rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)