83 kishi, olti avlod va bitta xonadon: Hindistondagi g‘ayrioddiy oila

Hindistonning Andxra-Pradesh shtatida yashovchi Nagappa oilasi katta ahil xonadoni bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Olti avlod vakillarini birlashtirgan bu oilada jami 83 kishi istiqomat qiladi. Bu haqda Hindustan Times xabar berdi.
Oila a’zolari bir-biriga tutash to‘rtta uyda yashasa-da, o‘zlarini yagona xonadon deb biladi. Ular umumiy oshxonadan foydalanadi, daromad va xarajatlarni birgalikda boshqaradi, kundalik yumushlarni esa o‘zaro taqsimlaydi.
Bunday katta oilani boqishning o‘zi katta mehnat talab qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, xonadondagi barcha kishilar uchun har kuni qariyb 50 kilogramm guruch pishiriladi. Oila a’zolari uy ishlari va qishloq xo‘jaligi yumushlarini ham o‘zaro bo‘lib olishadi.
Xonadonning daromadi asosan dehqonchilik hamda avtobus qatnovi bilan bog‘liq faoliyatdan keladi. Oilada moliyaviy masalalar ham birgalikda hal qilinadi, muhim qarorlar esa hamjihatlikda qabul qilinadi.
Bugungi kunda ko‘plab oilalar alohida yashashni afzal ko‘rayotgan bir paytda, Nagappa xonadoni olti avlodning o‘zaro hamkorlik va birdamlikda yashashi bilan ajralib turadi.






























Izohlar 0
…