date
views 1 567

YEXHT Trampni saylovlarda o‘z xizmat mavqeidan foydalanishda aybladi

YEXHT Trampni saylovlarda o‘z xizmat mavqeidan foydalanishda aybladi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti saylovlarida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidan (YEXHT) kuzatuvchilar AQSH prezidenti Donald Tramp siyosiy foyda olish maqsadida saylovlarda o‘z xizmat mavqeidan foydalangani haqidagi xulosaga kelishdi. Bundan tashqari, telekanallar tomonidan nomzodlar faoliyati noxolis yoritilgan.

YEXHT kuzatuvchilari saylovlar bo‘yicha tayyorlagan hisobotda ta’kidlanishicha, Tramp AQSHdagi saylovlar jarayonida soxtalashtirilishlarga yo‘l qo‘yilgani haqidagi bayonotlariga birorta asosli isbot keltirmagan.

Davlat va partiyadagi faoliyat orasidagi farqqa har doim ham amal qilinmagan, chunki amaldagi prezident o‘z xizmat imkoniyatlaridan siyosiy foyda olishda bir necha marotaba foydalangan. Ba’zi holatlarda Tramp hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishni istamayotgandek tasavvur paydo bo‘ldi. U asosli isbot keltirmasdan, saylovlar jarayoni, ayniqsa pochta orqali, tizimli ravishda soxtalashtirilganini ta’kidlagan”, deb xulosa chiqarishgan kuzatuvchilar.

Ularning fikricha, “amaldagi prezidentning bunday bayonotlari jamiyatning davlat institutlariga ishonchiga putur yetkazadi va ko‘pchilik tomondan saylovlardan keyin siyosiy motivlangan zo‘ravonliklar ehtimolini oshiradigandek qabul qilinadi”.

Shuningdek, YEXHTda AQSHdagi saylovoldi kampaniyasi nomzodlar orasidagi o‘zaro adovat bilan borgani ta’kidlab o‘tilgan.

Amaldagi prezident tomonidan muayyan shaxslarga nisbatan ularning jinsi va kelib chiqishiga ko‘ra tahqirlovchi va haqoratlovchi bayonotlar qo‘llangani alohida xavotir uyg‘otdi”, deyilgan hisobotda.

Tashkilot, shuningdek, prezidentlikka nomzodlar faoliyatini yoritishda AQSHning bir qator telekanallari noxolis bo‘lganiga e’tibor qaratgan. Bunda Tramp telekanallar tomonidan asosan tanqidiy baholangan, Bayden borasida esa neytral fikrlar bildirilgan.

Uchta milliy telekanalda (ABC, CBS va NBC) prezident Trampga praym-taymdagi siyosiy yangiliklar doirasida efir vaqtining mos ravishda 63, 56 va 60 foizi ajratilgan, ulardan ko‘pi tanqidiy bo‘lgan, Baydenga esa mos ravishda, 20, 25 va 22 foiz vaqt ajratilgan va u haqida asosan neytral ohangda gapirilgan”, deyilgan tashkilotda.

MSNBC va CNN amaldagi prezidentni juda salbiy qilib ko‘rsatgan, Fox News esa ba’zi kechki dasturlarida Baydenga nisbatan ochiqchasiga noxolislik qilgan”, deb ta’kidlab o‘tilgan hisobotda.

Tashkilotda ta’kidlanishicha, uchinchi partiyalar nomzodlariga esa asosiy telekanallar tomonidan umuman e’tibor qaratilmagan.
Ma’lum qilinishicha, YEXHT AQSHdagi saylovlar bo‘yicha yakuniy hisobotini 8 haftadan keyin taqdim qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » YEXHT Trampni saylovlarda o‘z xizmat mavqeidan foydalanishda aybladi