09:10 / 14.12.2020
3 526

Amerikalik olim Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatiga baho berdi

Amerikalik olim Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatiga baho berdi
Foto: Reuters
AQSHning yadro quroli ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi Los-Alamos milliy laboratoriyasining sobiq direktori Zigfrid Xeker Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatini baholadi.Uning fikricha, Pxenyan 45ta yadro o‘q-dorisini ishlab chiqishga yetarli hajmda uran va plutoniyga ega.

Olimning fikricha, Shimoliy Koreyada 25 kgdan 48 kggacha plutoniy va 650 kgdan 800 kggacha yuqori darajada boyitilgan uran bor. Bu miqdor taxminan 45ta yadro o‘q-dorisini tayyorlashga yetadi.

Xekerning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyaning yadro jangovar kallaklariga ega raketalari Janubiy Koreyaning butun hududiga va Yaponiyaning katta qismiga zarba berishga imkon beradi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya ishlab chiqayotgan qit’alararo raketalar hali qo‘shimcha sinovlar o‘tkazilishini talab qiladi. “Boshqacha aytganda, Shimoliy Koreya hozirda AQSHning asosiy hududiga yadro kallagiga ega qit’alararo raketasi bilan zarba bera olmaydi, biroq ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirmoqda”, deb tushuntirgan mutaxassis.

Uning fikricha, 2019 yilda AQSH va Shimoliy Koreyada yadroviy qurolsizlanish borasida kelishuv tuzishga imkoniyat bo‘lgan. Biroq AQSH prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan Xanoyda o‘tgan muzokaralarni barvaqt tark etib, bu imkoniyatni qo‘ldan chiqargan.

Zigfrid Xeker 1986 yildan 1997 yilgacha AQSHda yadro qurolini yaratish bo‘yicha maxfiy ishlar olib boruvchi ikki muassasadan biri hisoblangan Los-Alamos milliy laboratoriyasiga rahbarlik qilgan. U 2004 yildan boshlab har yil Shimoliy Koreyadagi eng yirik yadro ob’ekti – Yonbyondagi Yadro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurib kelgan.

BMTning maxfiy hisobotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya yadro qurolini ishlab chiqishni davom ettirmoqda va ba’zi davlatlarning fikricha, Pxenyan kichik o‘lchamli yadro qurilmalarini ishlab chiqqan bo‘lishi mumkin. Hujjatda Shimoliy Koreyada yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarilayotgani va tajribaviy reaktor qurilayotgani ta’kidlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerikalik olim Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatiga baho berdi