15:45 / 22.02.2021
3 353

Baydenning keskin bayonotidan so‘ng Yevropa yengil nafas oldi, Rossiya va Xitoy esa hushyor tortdi

Baydenning keskin bayonotidan so‘ng Yevropa yengil nafas oldi, Rossiya va Xitoy esa hushyor tortdi
Foto:«NYT»
Bayden o‘z ma’ruzasida Tramp nomini tilga olmagan holda, tashqi siyosatda uning merosidan butkul voz kechilishini ochiq bildirdi.

AQSH prezidenti Jo Bayden xavfsizlik masalalari bo‘yicha Myunxen xalqaro anjumanida onlayn tarzda ishtirok etib nutq irod qildi. Bu Baydenning davlat rahbari sifatida xalqaro mashvaratdagi ilk chiqishidir. Tahlilchilarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar yetakchisining ma’ruzasi Yevropada umid, Rossiya va Xitoyda esa xavotir uyg‘otdi.

Bayden o‘z ma’ruzasida biror marta sobiq prezident Donald Tramp nomini tilga olmagan holda, tashqi siyosatda trampizmning barcha tamoyillaridan voz kechilishini ochiq-oshkor bildirdi. Tramp AQSHning NATOni tark etishi tarafdori bo‘lgani ma’lum. Sobiq rahbar Qo‘shma Shtatlar NATO a’zolari uchun balogardon emasligi, Yevropa mamlakatlari endilikda o‘z aravasini o‘zi tortishi kerakligini ham bir necha bor ta’kidlagan. Trampning bu ruhdagi siyosati Yevropada xavotir va hadik bilan qabul qilingani sir emas.

Jo Bayden esa Shimoliy atlantika ittifoqi, ya’ni NATO AQSH tashqi siyosatining mustahkam poydevori ekanini ta’kidladi. Ayni choqda, rasmiy Vashington ittifoq nizomining 5-moddasiga ko‘ra zimmasiga olgan majburiyatni bajarishga shay ekanini bildirib, Yevropa davlatlarini xotirjam bo‘lishga undadi. Gap shundaki, 5-moddada hujumga uchragan NATO a’zosiga ko‘mak ko‘rsatish majburiyati belgilangan.

«Men barcha shubha-gumonlar yo‘q bo‘lishi uchun ishontirib aytamanki, Qo‘shma Shtatlar mavjud muammolarni hal etmoq yo‘lida Yevropa ittifoqiga a’zo hamkorlarimiz va Rimdan Rigaga qadar – butun qit’a mamlakatlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladi», – dedi J.Bayden.

Ushbu qat’iy va’dadan keyin Trampning kutilmagan bayonotlaridan yurak oldirib qo‘ygan ko‘hna qit’a vakillari yengil tin oldi deyish mumkin.

Prezident Bayden o‘z ma’ruzasida Xitoy hamda Rossiya bilan raqobat xususida ham ochiq mulohazalarini bayon qildi. Xususan, Pekin va Moskva bilan strategik raqobatda AQSH va Yevropa birgalikda harakat qilishi lozimligini uqtirdi.

«Xitoy bilan raqobat omonsiz kechadi. Men Yevropa va AQSH Hind-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilari bilan so‘nggi 70 yil davomida yaratgan xalqaro tizim ish berishiga ishonchim komil», – dedi AQSH yetakchisi.

Baydenga ko‘ra, Rossiya demokratik qadriyatlarga daxl qilmoqda, NATO va YEIni zaiflashtirishga urinmoqda.

«Putin Yevropa loyihasi va NATOni kuchsizlantirishga zo‘r berib harakat qilmoqda. U transatlantik birlik va qat’iyatimizga raxna solmoqchi. Negaki, Kreml uchun kuchli va yaxlit transatlantik hamjamiyat bilan muzokara olib borishdan ko‘ra alohida davlatlarga po‘pisa qilish, ularni qo‘rqitish osonroqdir», – dedi u.

Bayden o‘z nutqida Xitoydan ham ko‘ra Rossiya tahdidiga ko‘proq e’tibor qaratdi. Kuzatuvchilar Bayden V.Putin haqida so‘z ketganda «prezident» sifatini ishlatmagani ham muayyan diplomatik ishora ekanini ta’kidlamoqdalar.

«Amerika qaytdi!» deya xitob qilgan Bayden yevropalik hamkorlarni tahdidlarga qarshi birgalikda kurashga da’vat etdi.

D.Tramp tashqi siyosatda YEI, NATO bilan an’anaviy do‘stlik munosabatlariga u qadar ahamiyat qaratmagan, shu vajdan ikki tomonlama munosabatlar sovuqlashgan edi. Bu esa an’anaviy raqiblar – Rossiya va Xitoyga qo‘l kelgan edi. Yangi prezidentning «Amerika qaytdi!» deya tagdor bayonot berishi raqiblarga oson bo‘lmasligidan dalolat bermoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Baydenning keskin bayonotidan so‘ng Yevropa yengil nafas oldi, Rossiya va Xitoy esa hushyor tortdi