23:36 / 23.03.2021
2 368

«Putin buni yoqtirmaydi». Rossiya prezidenti omma oldida emlanmoqchi emas

«Putin buni yoqtirmaydi». Rossiya prezidenti omma oldida emlanmoqchi emas
Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirusga qarshi omma oldida emlanmoqchi emas, chunki u buni yoqtirmaydi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar beradi Daryo.

«Prezident ish vaqtining sezilarli qismini vaksinatsiya, preparatni ishlab chiqarish va hokazolar bilan bog‘liq ishlar, suhbatlar, uchrashuvlarga bag‘ishlashini ko‘rib turibsiz. Shu orqali prezident vaksinalarni targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda. Kameralar ostida emlanishga kelsak, Putin hech qachon buni qo‘llab-quvvatlamagan, unga bu yoqmaydi», — dedi Peskov.

Peskov, shuningdek, Putin 23 mart kunining yakuniga qadar emlanishini aytdi, ammo u prezidentning qaysi vaksina bilan emlanishini atayin oshkor qilmadi va Rossiyaning uchala vaksinasi ham «mutlaqo ishonchli va samarali» ekanini ta’kidladi.

Kreml Vladimir Putinning vaksina olish to‘g‘risidagi qaroridan keyin mamlakatda koronavirusga qarshi emlash sur’atining oshishiga umid qilmoqda.

«Albatta, vaksinatsiya ishlari bilan doimiy bandmiz, shifokorlarning o‘zlari preparatni qabul qilib, boshqalarga namuna bo‘lmoqda. Guvohi bo‘lganingizdek, prezident emlanish to‘g‘risida qaror qabul qildi, shuning uchun bu yerda jarayon odatdagidek davom etmoqda. Biz vaksinatsiyaning tezlashishiga umid qilmoqdamiz» — dedi Kreml vakili.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin 2021 yil 23 mart kuni koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanishini va’da qildi. Putin aynan qaysi turdagi preparat bilan vaksinatsiya qilinishga aniqlik kiritmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda vaksinatsiyaning borish sur’atini tezlashtirish lozim, bu pandemiya tufayli joriy qilingan cheklovlarning yumshatilishi va bosqichma-bosqich bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.

Rossiyada koronavirusga qarshi 3 ta vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan: «Gamaleya» markazining «Sputnik V», Novosibirskning «Vektor» markazi tomonidan ishlab chiqilgan «EpiVakKorona» va Chumakov nomidagi markaz ishlab chiqqan «KoviVak». Rossiyada aholini COVID-19’ga qarshi emlash ishlari 2020 yil dekabr oyida boshlangan. 2021 yil yanvar oyi o‘rtalarida ommaviy vaksinatsiyaga start berilgan.

Avval mart boshida davlat rahbarlaridan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy koronavirusga qarshi emlangani, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi koronavirusga qarshi mamlakatda ishlab chiqarilgan COVAXIN vaksinasining birinchi dozasini olgani, shuningdek, Dunyoning eng badavlat kishilaridan biri, Berkshire Hathaway bosh direktori Uorren Baffet Pfizer/BioNTech kompaniyasining vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlangani haqida xabarlar berilgan.

Fevral oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on unga koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi dozasi yuborilganini ma’lum qilgan, u vaksinaning birinchi dozasini 14 yanvarda qabul qilib olgandi.

Bundan avval Shahzoda Charlz va uning rafiqasi, BMT bosh kotibi, milliarder Bill Geyts hamda Argentina prezidenti koronavirus vaksinasi bilan emlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Putin buni yoqtirmaydi». Rossiya prezidenti omma oldida emlanmoqchi emas