19:20 / 03.05.2021
2 819

Tojikiston Bosh prokuraturasi qirg‘izistonlik harbiylarga qarshi jinoiy ish ochdi


Foto: «RIA Novosti»
Tojikiston Bosh prokuraturasi ikki mamlakat chegarasidagi mojaro tufayli Qirg‘izistonning 200 nafar fuqaro va harbiy xizmatchilariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bu haqda prokuratura veb-saytiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Ish respublika Jinoyat kodeksining 2-qismi 395-moddasi (agressiv urush boshlash yoki olib borish) va Jinoyat kodeksining 2-qismi 104-moddasi (ikki yoki undan ortiq kishini, o‘z rasmiy faoliyatini amalga oshirish mobaynida o‘ldirish; texnikalardan odamlar hayoti uchun xavfli tarzda foydalanish; uyushgan guruh; g‘arazli niyatlarda, shuningdek, talonchilik yoki banditizm bilan baravar; milliy, irqiy, diniy, mintaqaviy nafrat yoki adovat yoki qonli janjallar asosida harakat olib borish) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

Tojikiston Bosh prokuraturasining press-relizida aytilishicha, mojaroning boshlanishiga qirg‘iz harbiylarining Tojikiston bilan chegaradosh Isfara shahridagi Chorkux jamoasiga hujumi sabab bo‘lgan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, qirg‘iz harbiylari «avvaldan o‘zaro kelishuvga ko‘ra videokameralarni o‘rnatayotgan» tojik muhandislariga hujum qilgan. Tojikiston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra harbiy xizmatchilar Qirg‘iziston «rasmiy organlarining bevosita xabardorligi va ishtirokida» harakat qilgan.

«Bir davlat tomonidan boshqa davlatning suvereniteti, hududiy daxlsizligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi yoki biron-bir tarzda BMT nizomiga yoki boshqa xalqaro shartnomalarga zid bo‘lgan tarzda qurolli kuch ishlatilishi tajovuz sifatida qabul qilinadi. Boshqa davlatga qarshi qurolli kuch ishlatish harakatlarini amalga oshiradigan qurolli uyushma yoki guruhlarning davlat tomonidan jo‘natilishi ham tajovuz deb hisoblanadi», — deyiladi idora press-relizda.

O‘z navbatida Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ham Tojikiston bilan chegaradagi qurolli nizodan keyin 11 ta jinoyat ishini qo‘zg‘agan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat ishlari qotillik, ommaviy tartibsizliklar, chegarani noqonuniy kesib o‘tish, bezorilik va tinchlikka qarshi qaratilgan jinoyat moddalari bo‘yicha ochilgan. Jami 11 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ular bo‘yicha hozir tekshiruv olib borilmoqda.

Shuningdek, Qirg‘iziston Tojikiston bilan mojaro tufayli halok bo‘lgan qirg‘izlar soni 36 kishiga yetganini ma’lum qildi: besh yoshli bolaning jasadi topilgan. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, chegarada snaryadlar otilayotgan paytda bola qishloqdan oilasi bilan qochib chiqib, kanalga tushib ketgan.

«29 aprel kuni Laylak tumanining Arka qishlog‘ida mojaro paytida qochgan ikki bolali ona kanalni kesib o‘tayotganda bolalardan biri kanalga tushib ketgan, uni Tojikiston bilan deyarli chegarada topishdi. Tez tibbiy yordam shifokorlari bolani qutqara olmadi», — dedi vazirlik matbuot kotibi Jildiz Aygerchinova «Interfaks»ga.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28 aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan «Golovnoy» suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29 aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston Bosh prokuraturasi qirg‘izistonlik harbiylarga qarshi jinoiy ish ochdi