10:39 / 23.06.2021
4 367

Tolibon Tojikiston chegarasiga yetib keldi: Sherxon-Bandar nazorat punkti qo‘lga olindi


Foto: «AFP», illyustratsiya
Afg‘onistonda NATO qo‘shinlarini olib chiqish fonida hukumat va tolibonlar o‘rtasidagi ziddiyat yana avj oldi. Badaxshonning Tojikiston bilan chegaradosh uchta qishlog‘ida og‘ir janglar bo‘lib o‘tmoqda. Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati rahbari hududiga 30 minggacha qochoq kirib kelishidan cho‘chimoqda.

Kecha, 22 iyun kuni Tolibon harakati jangarilari Afg‘oniston bilan Tojikiston o‘rtasidagi asosiy chegara punktini egallab oldi. Bu haqda mahalliy hukumat vakili va armiya zobiti France-Presse (AFP)ga xabar berdi.

Shu bilan birga, afg‘on xavfsizlik kuchlari Sherxon-Bandar nazorat-o‘tkazish punkti hududida o‘z pozitsiyalarini tark etgani, ba’zilari esa chegaradan Tojikistonga qochib ketgani aytilmoqda.

Qunduz viloyati kengashi a’zosi Holiddin Hakimiyning aytishicha, tolibonlar Sherxon-Bandarni, unga tutash shaharchani va barcha chegara postlarini qo‘lga kiritgan». Armiya zobiti AFP bilan suhbatda «Biz barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini tark etishga majbur bo‘ldik va ba’zi askarlarimiz Tojikiston bilan chegarani kesib o‘tdilar».

Tolibon Sherxon-Bandar bojxona va Tojikiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-sotiq punktini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda Afg‘onistonning «Pajvok» agentligi muxbiri Ajmal Kokar tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sherxon-Bandar aholi punktining bojxona bo‘limi Tolibon qo‘liga jangsiz o‘tgan.

Sherxon-Bandar chegara punkti Tojikiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim savdo va yukni qayta yuklash punkti bo‘lib, u orqali Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, shu jumladan, Pokiston va Erondan respublikaga import qilinadi. Tekshiruv punkti Tojikistonning Xatlon viloyati Panj tumani va Afg‘onistonning Qunduz viloyatining Imom Sohib tumani chegarasida joylashgan. Bir kun oldin Imom Sohib viloyatining o‘zi Tolibon tomonidan qo‘lga olingan.

Ajmal Kokarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda nazorat-o‘tkazish punkti orqali barcha transport harakati to‘xtatilgan va Tolibon jangarilari qurshovida bo‘lgan Qunduz shahri atrofida janglar davom etmoqda.

«EADaily» xabariga ko‘ra, o‘tgan hafta tolibonlar Afg‘onistonning yana uchta tumani: Bag‘lon viloyatidagi Daxanay-Xuri, Hirotdagi Oba va Faryob viloyatidagi Shirin Tagabni egallab olishdi. Natijada Kobuldagi markaziy hukumat tomonidan yo‘qotilgan mamlakat qismlarining umumiy soni 37 taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va ularning NATOdagi ittifoqchilari qurolli kuchlari Afg‘onistonni tark eta boshladilar. Ushbu jarayonni 2021 yil 11 sentabrgacha yakunlash rejalashtirilgan. O‘tgan hafta AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi Vashington Amerika kontingentining Afg‘onistondan olib chiqilishining 50% dan ortig‘ini amalga oshirgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

AQSHning yuqori martabali generali Mark Mili Oq uyni Afg‘onistondagi AQSH qo‘shinlariga yordam bergan barcha 18 ming tarjimonni evakuatsiya qilishga chaqirdi. Agar ular vaqtida olib chiqib ketilmasa, Tolibon ularni o‘ldirishi mumkinligi haqida xabar berdik.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tolibon Tojikiston chegarasiga yetib keldi: Sherxon-Bandar nazorat punkti qo‘lga olindi