19:49 / 18.07.2021
2 360

Germaniyada toshqin qurbonlari soni 156 kishiga yetdi


Foto: Reuters
Suv toshqinlari tufayli Germaniyaning Bad-Shandau va Chexiyaning Dechin shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘l qatnovi to‘xtatildi, deb yozadi «RBK».

Deutsche Bahn temir yo‘l operatori ma’lum qilishicha, bu Gamburg—Berlin—Drezden—Praga uzoq qatnov yo‘nalishiga ta’sir qilgan: hozircha u faqat Drezdenda boshlanib, o‘sha yerda tugaydi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya g‘arbida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 156 kishiga yetdi. Shimoliy Reyn — Vestfaliya federal o‘lkasida kamida 45, Reynland-Pfalsda esa 110 kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, Berxtesgadener-Land hududida yana bir kishi halok bo‘lgan, u yerga suv toshqini nisbatan kechroq yetib borgan edi. Ayni paytgacha u yerda 65 kishi evakuatsiya qilingan, 500 qutqaruvchi navbatchilik qilmoqda.

Hukumat ma’lumotlariga qaraganda, 17 iyul, shanba kuni davomida Saksoniya Shveysariyasida har bir kvadrat metr maydonga, taxminan, 100 litr yog‘ingarchilik tushgan, ayniqsa, Noyshtadt, Zebnis, Bad-Shandau, Raynxardsdorf-Shena va Gorish shaharlari jabr ko‘rdi. Drezdenda vaziyat «keskin, ammo boshqarish mumkin» deb baholanmoqda. Odamlardan yerto‘lalarga, metro va yerosti turargohlariga tushmaslik so‘ralmoqda.

Ayni vaqtda Bavariya janubi-sharqida favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Suv sathi ko‘tarilmoqda, Berxtesgaden va Bishofsvizen tumanlarida uylar suv ostida qolgan.

Yevropaning markaziy qismidagi suv toshqinlari hafta o‘rtalarida uzoq davom etgan yomg‘irlar tufayli boshlandi. Germaniyaning Shimoliy Reyn — Vestfaliya va Reynland-Pfals o‘lkalarida daryolar o‘zanidan chiqib, shaharlarni suv ostida qoldirdi, hududlar elektrdan uzilib qoldi. Suv toshqinidan qo‘shni Niderlandiya va Belgiya ham jabrlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada toshqin qurbonlari soni 156 kishiga yetdi