
B-52 bombardimonchi raketa tashuvchi samolyot
Foto: U.S. Air Force
Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Juzjon viloyatida berilgan aviazarba oqibatida «Tolibon» harakatining qariyb 200 nafar jangarisi, shu jumladan, ularning komandiri ham halok bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston milliy armiyasining maxsus topshiriqli korpusi 8 avgust kuni xabar bergan.
«Kechqurun (7 avgust kuni) harbiy-havo kuchlari Juzjon viloyati poytaxti Shibirg‘on shahridagi Tepayi Tagishahr tumanida mudofaa va xavfsizlik kuchlariga hujum uyushtirishni rejalashtirgan ‘Tolibon’ jangarilari olomoniga zarba berdi. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, 200 ga yaqin terrorchi, shu jumladan, ularning yetakchisi ham o‘ldirilgan», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, zarba oqibatida 100 dan ortiq motosikl, katta miqdorda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ham yo‘q qilingan.
Aviazarbadan oldin «Tolibon» ikki kecha-kunduz davom etgan janglar oqibatida Juzjon viloyatining Shibirg‘on shahrini qo‘lga kiritgan edi. U «Tolibon» tomonidan so‘nggi bir sutka ichida egallab olingan ikkinchi ma’muriy markazga aylangandi.
Bungacha ular Eron bilan chegaradagi Nimruz viloyati poytaxti Saranj shahriga bostirib kirgan edi, bu esa «Tolibon» so‘nggi besh yil ichida Afg‘oniston viloyatlaridan birining ma’muriy markazini egallab olishi bilan bog‘liq birinchi holat bo‘ldi.
Turkmaniston chegarasiga yaqin joylashgan va Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti marshal Abdurashid Do‘stumning tayanch shahri sifatida tanilgan Shibirg‘onda yarim milliondan ortiq odam yashaydi, aholi asosan etnik turkman va o‘zbeklardan iborat.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar