14:07 / 02.09.2021
5 028

«Agar SSSR parchalanmaganda edi…» – Putin bahsli mavzudan gap ochdi

«Agar SSSR parchalanmaganda edi…» – Putin bahsli mavzudan gap ochdi
Foto: RIA «Novosti»
Agar mamlakat ikki marta parchalanmaganda, Rossiya aholisi 500 million kishiga yetar edi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 sentabr kuni Vladivostokda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvda.

Putinga ko‘ra, Rossiya davlatchiligi ikki marta 1917 yilgi inqilobdan keyin va 1991 yilda CCCR tarqalib ketgach parokandalikka yuz tutdi. Hozirda Rossiya aholisi 146 mln kishini tashkil etadi.

«Ushbu fojialar ro‘y bermaganda (1917 yilgi revolyutsiya va qizil imperiyaning parchalanishini nazarda tutilmoqda – tahr.), aholi 500 mln atrofida bo‘lar edi. Farqni ko‘ryapsizmi? Davlatning yalpi qudrati geometrik progressiya tartibida oshar edi», – dedi V.Putin.

Rossiya rahbari mazkur raqamlarni qaysi asosga ko‘ra keltirayotganini ochiqlamagan. Sobiq Sovet Ittifoqida 1989 yilda o‘tkazilgan hisob-kitobga ko‘ra, 15 ta respublikaning aholisi 286 mln 730 ming 817 (jumladan, RSFRda 147,4 mln) nafarni tashkil etgan. Rusiya imperiyasiga kelsak, 1897 yili 128,2 mln kishi oqposhsho hukmi ostida yashagan.

Vladimir Putin SSSRning parchalanishini XX asrning yirik geosiyosiy fojiasi deb biladi.

«Meni Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan taassufda ekanim sabab tez-tez tanqid qilishadi. Birinchidan va asosiysi, Sovet Ittifoqi parchalangach, rus millatiga mansub 25 million kishi bir kechada xorijda qolib ketdi va bu chindan ham XX asrning yirik fojiasidir», – deya o‘z pozitsiyasini sharhlagan u intervyularidan birida.

Rossiya rahbari SSSR borasida avval ham bahsli bayonotlar bergan. Xususan, 2020 yilda «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli film uchun bergan intervyusida SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan. Ciyosiy tahlilchilar bu o‘rinda V.Putin Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutganini aytgan. Rossiyalik taniqli olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin «Rossiyaga azaldan tegishli bo‘lgan hududlar boshqa davlatlarga o‘tib ketgani»ga ilmiy raddiya bergan.

Kreml sohibining joriy yil 12 iyul kuni e’lon qilingan «Ruslar va ukrainlarning tarixan birligi haqida» deb nomlangan maqolasi ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Rus va ukrain tilida e’lon qilingan maqolada muallif zamonaviy Ukrainaning tashkil topishi SSSR davri mahsuli ekanini ta’kidlaydi. Maqolada, shuningdek, bolsheviklar chegaralarni o‘zbilarmonlik bilan o‘zgartirib, Rossiya hududini boshqalarga tuhfa qilib yuborgani, hududlar talon-toroj etilgani da’vo qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Agar SSSR parchalanmaganda edi…» – Putin bahsli mavzudan gap ochdi