20:15 / 09.09.2021
2 671

«Tolibon» yangi hukumatda ayollar uchun lavozimlar bo‘lishini va’da qildi

«Tolibon» yangi hukumatda ayollar uchun lavozimlar bo‘lishini va’da qildi
Foto: Reuters
«Tolibon» Afg‘onistonning yangi hukumatida ayollar uchun lavozimlar bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda harakat rasmiy vakili Zabihulla Mujohidga tayanib, BFMTV xabar berdi.

«Bizda ayollar uchun shariat qonunlariga muvofiq lavozimlar bo‘ladi. Ular hukumat tarkibida ishlay oladi», — dedi u. Mujohidning aniqlik kiritishicha, avvalroq e’lon qilingan hukumat tarkibi (unda ayollar yo‘q) vaqtinchalik.

Shuningdek, Afg‘onistonning yangi hukumati rahbari mulla Muhammad Hasan Ohund 8 sentabr kuni Afg‘onistonning sobiq amaldorlariga vataniga qaytishni so‘rab murojaat qildi va ularning xavfsizligini ta’minlashga va’da berdi.

«Biz sobiq amaldorlarni mamlakatga qaytishga chaqiramiz, ularning xavfsizligiga kafolat beramiz», — dedi Ohund Al-Jazeera telekanali efirida.

7 sentabr kuni Mujohid Vazirlar Mahkamasining a’zolari ro‘yxatini ommaga taqdim qilgandi, uning o‘zi hukumatda madaniyat va axborot vaziri lavozimini egallaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Hasan Ohund «Tolibon» tuzgan yangi hukumatning rahbari bo‘ladi. Ohund «Tolibon» yetakchilarining rahbari hisoblanardi va avvalgi AQSH homiyligidagi hukumat qo‘shiniga qarshi urushda guruhni boshqargan. Qandahorlik yetakchi «Tolibon» asoschilaridan biri hisoblanadi.

«Haqqoniy tarmog‘i» guruhi asoschisining o‘g‘li Sirojuddin Haqqoniy ichki ishlar vaziri lavozimini egallaydi. «Tolibon» asoschilaridan birining o‘g‘li Umar Yoqub mudofaa vaziri bo‘ladi. Tashqi siyosiy idora (Tashqi ishlar vazirligi) rahbarligi Amir Xon Muttaqiyga ishonib topshiriladi. Razvedka vazirligiga Abdul Haq Vosiq rahbarlik qiladi. U 2002—2014 yillarda AQSHda asirda bo‘lib qaytgan va Guantanamo qamoqxonasida jazo muddatini o‘tagan. Keyinchalik Abdul Haq Vosiqni «Haqqoniy tarmog‘i» guruhi asirga olgan AQSH harbiysiga almashtirishgan.

4 sentabr kuni Kobulda bir guruh afg‘on ayollari va fuqarolik jamiyati faollari tomonidan miting o‘tkazilgan. Ishtirokchilar ayollarni bo‘lajak Afg‘oniston hukumatiga kiritishni talab qilgan. Namoyishchilar ko‘zni yoshlatuvchi gaz yordamida tarqatilgan. «Tolibon» mamlakatda yana hokimiyat tepasiga kelgan avgust oyida harakat matbuot kotibi Zabihulla Mujohid ayollarga «islom qonunlari doirasida» ishlash, o‘qish va jamiyat boshqaruvida ishtirok etishga ruxsat berilishini aytgan. Shu bilan birga, toliblarning shartlariga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollarning barchasi hijob (paranji) kiyishi kerak bo‘ladi.

Keyinchalik Mujohid Afg‘onistondagi ishlaydigan ayollarni o‘z xavfsizligi uchun uydan chiqmaslikka chaqirgan. Shuningdek, «Tolibon» vakili Shermuhammad Abbos Stanikzay ayollar vazir va undan yuqori lavozimlarni egallay olmasligini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» yangi hukumatda ayollar uchun lavozimlar bo‘lishini va’da qildi