18:53 / 21.09.2021
2 385

Perm universitetida sodir bo‘lgan otishma guvohlari voqea haqida so‘zlab berdi

Perm universitetida sodir bo‘lgan otishma guvohlari voqea haqida so‘zlab berdi
Perm universitetiga qilingan hujumdan keyin oliygoh talabalari, 20 sentabr, 2021 yil
Foto: AP

20 sentabr kuni ertalab Rossiyaning Perm davlat milliy tadqiqot universitetida 18 yoshli talaba Timur Bekmansurov otishma sodir etdi. Voqeada olti kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq odam jarohatlandi. Hujum qilgan shaxs hibsga olingan. Meduza otishma vaqtida universitetda bo‘lganlar bilan suhbatlashdi.

Aleksandr Stabrovskiy
Loyihalar bo‘limi menejeri, Perm davlat universiteti tarixi muzeyining sobiq direktori

— Men o‘z kabinetimda — sakkizinchi korpusning birinchi qavatida edim (Bekmansurov shu binoga hujum qilgan). Hamkasbim Vitaliy bilan birga o‘tirgandik, uning mashinasidagi signalizatsiya ishga tushib ketdi. U kabinetdan chiqdi, men esa deraza oldiga bordim. Qurol ko‘targan yigit xiyobon bo‘ylab kelayotganini ko‘rdim. U qurolni oldinga chiqarib oldi. Men bunga ahamiyat bermadim: talabalar biror nimani mashq qilayotgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Unda hech qanday asabiylik sezilmasdi. U bir tekis qadam tashlab kelardi, xuddi paraddagidek — keyin qarsillagan ovoz eshitildi.

Lekin bu yigitning o‘q uzayotganini men ko‘rmadim. (Qarsillashdan keyin) Eshikka o‘girildim. Bu vaqtda Vitaliy ofisga yugurib kirdi. U eshikni yopdi, yana bir nechta qarsillash eshitildi. Ular o‘q ovoziga o‘xshamasdi, lekin men universitetda terakt sodir bo‘lyaptib deb o‘yladim. Ma’lum bo‘lishicha, bu yigit (asosiy) korpusga kirib, o‘sha yerda o‘t ochishni boshlagan. Yigit hamkasbimizni otib tashladi, u qirq yoshdan sal oshgandi, hozir reanimatsiyada yotibdi. U yo‘lakda shunchaki o‘z ishlari bilan yurganida ikkovi uchrashib qolgan.

U (hujumchi) ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Keyin odamlarning derazadan sakrayotganini eshitdik. Bir yigit men yaqin turgan deraza ortidan yerga uchib tushdi. U sakragan, lekin, aftidan, oyog‘i singanmi yoki boshqa narsa, xullas, qochib ketolmagan. Yigit o‘sha joyda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari kelib (hujumchi ushlanganidan keyin) olib ketgunga qadar yotdi.

Qurolli shaxs ikkinchi qavatga ko‘tarilib, hammani ketma-ket o‘qqa tutdi. Hammamiz o‘z kabinetimizga qulflanib oldik. Ikkinchi qavatda talabalar bilan bo‘lgan o‘qituvchi eshikni chilvir bilan berkitdi — natijada u kira olmadi.

Otishma, taxminan, yetti daqiqa davom etdi. Keyin 20 daqiqa davomida hammayoq tinchib qoldi. O‘lik sukunat hukm surar, hech narsa eshitilmasdi. 20 daqiqadan so‘ng politsiya, tez yordam, Favqulodda vaziyatlar vazirligi keldi. Ular eshigimiz ortida shovqin soldi: «Politsiya, politsiya, qo‘lingizni ko‘tarib chiqing, devorga qarang!». Bir soatlar ichida bizni ko‘chaga olib chiqishdi. Hamkasbim bilan kiyimlarimizni olib, tashqariga chiqdik. Talabalar ko‘chada turardi.

Perm universiteti kampusidan talabalar evakuatsiya qilinmoqda.
Foto: AFP

Menimcha (hujumning sababi) bor-yo‘g‘i kuz, xuruj qilish. Zamonaviy ahmoqlarning psixologiyasi allaqachon ma’lum. Shunga qaramay, universitetda bunday vaziyatlarda o‘zini qanday tutish kerakligi haqida maxsus darslar va algoritmlar muhokamasi bo‘lmagan.

Men bu universitetda 50 yil ishladim, hozir 73 yoshdaman. Kelinim ushbu voqea fonida menda infarkt bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanyapti, lekin hozircha dadilman.

Vitaliy Prizyuk
Perm davlat universiteti jurnali bosh muharriri

Mening mashinam uning (hujumchi) yo‘lida turgandi. U mashina yonidan o‘tib, o‘q uzgan. Lekin men uni ko‘rmadim, faqat signalizatsiyani eshitdim. Kurtkamni ustimga tashlab, nima bo‘lganini tekshirish uchun tashqariga chiqdim. Men mashinam yoniga shoshib, yo‘lakka chiqqanimda — nimalar bo‘layotganidan bexabar edim — u yerda 50 ga yaqin odam to‘plangandi.

O‘q ovozlari bizga juda yaqindan eshitilardi, go‘yo yo‘lakda otilayotgandi, hamma kabinetlarga qochib ketdi. Juda ko‘p o‘q uzildi, ularning ovozi shunchalik baland ediki, biz universitetga ko‘p odamlar hujum qilyapti deb o‘yladik, lekin bilsak, u yolg‘iz o‘zi ekan.

Hozir yaqinlarimiz va hamkasblarimiz bilan yig‘ildik. Birga o‘tirib, hamma uchun qayg‘uryapmiz.

Otishma sodir bo‘lgan universitetga politsiya kirib kelmoqda
Foto: Reuters

Ivan Pechishchev
Filologiya fakultetining jurnalistika o‘qituvchisi

Bugun (20 sentabr) universitetning ikkinchi korpusidagi talabalarimga ma’ruza o‘tishga bordim — kampusimizda o‘ndan ortiq korpus bor. Men ozroq kech qoldim, soat 11:30 edi. Bo‘lajak geograflar o‘qiydigan sakkizinchi korpusdan o‘tayotganimda, ikkinchi qavat derazalaridan sakrayotgan talabalarni ko‘rdim.

Nima bo‘lganini so‘ray boshladim. Ular menga otishma haqida aytishdi. Binodan kuchli qarsillash ovozlarini eshitdim. Juda vahimali edi. Hamma har tomonga qochardi. Men talabalarim joylashgan ikkinchi korpusga qarab yo‘l oldim (u alohida bino, lekin sakkizinchi korpusdagi o‘tish yo‘laklari orqali u yoqqa o‘tish mumkin). Bizdagi xavfsizlik xizmati allaqachon chora ko‘rgan, bu va qolgan binolarning eshiklari yopib qo‘yilgandi. Men taqillatdim, tushuntirdim. Nihoyat ular meni ichkariga kiritdi.

Natijada shogirdlarim oldiga keldim. Hamma hayron edi, juda qo‘rqardi. Ular ikkinchi kurs — taxminan 18 yoshda. Qizlar yig‘layotgan edi. Ular hujumchini tanimagan. Nima bo‘layotganini tushunmasdi. Faqat dahshat bilan hamma narsani ijtimoiy tarmoqlarda o‘qirdi.

Otishmadan keyin universitet yo‘lagi
Foto: AFP

Men vahimani kamaytirishga harakat qildim. Biz nisbatan xavfsiz joyda ekanimizni, bizning korpus ham, korpusdan korpusga o‘tish yo‘lagi ham yopiq ekanini tushuntirdim. Biz ular bilan auditoriyani berkitib, barrikada qurib oldik va bir yarim soat shunday o‘tirdik.

Universitet bunday holatlar uchun harakatlar algoritmini oldindan ishlab chiqmagan. Bizga faqat karnaylar orqali sinflarda qolishni aytishdi. Men esa talabalardan vahima qilmaslik uchun ijtimoiy tarmoqlarni o‘qimaslikni so‘radim. Keyin bizga karnayda uyga ketishimiz mumkinligini aytishdi va bizni olib ketishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Perm universitetida sodir bo‘lgan otishma guvohlari voqea haqida so‘zlab berdi