20:48 / 08.10.2021
1 535

Afg‘onistondagi masjidda yuz bergan portlash oqibatida 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Afg‘onistondagi masjidda yuz bergan portlash oqibatida 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi
Foto: AP Photo
Afg‘onistonning shimolidagi Qunduz viloyatida shialar masjidida kuchli portlash yuz berdi. Hodisa oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi, deb yozmoqda «Afghanistan.ru».

Guvohlardan birining «RIA Novosti»ga aytishicha, hodisa oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, 70 kishi jarohatlangan.

«Frans-Press» agentligi manbalarga tayanib, kamida 50 kishi qurbon bo‘lgani va 140 kishi yaralanganini xabar qilmoqda. Qayd etilishicha, barcha qurbonlar voqea sodir bo‘lgan shia masjidining mutasaddilari. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, bir necha kishi kasalxonaga yotqizilgan.

Aamaj News hodisaga oid videomateriallar, shuningdek, guvohlarning ko‘rsatmalariga tayanib, portlashda 100 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

«Tolibon» matbuot kotibi Zabihulla Mujohidning aniqlik kiritishicha, portlash Xonobod tumanidagi masjidda sodir bo‘lgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, hodisani o‘rganish uchun «Tolibon» maxsus kuchlari voqea joyiga yetib kelgan. Qurbonlarning aniq soni hozircha noma’lum. Shunga qaramay, matbuotda o‘nlab qurbonlar va yaradorlar haqida xabarlar berildi.

Hozirgacha hech bir qurolli muxolifatchi guruh portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Biroq ilgari shialarga qarshi ko‘plab hujumlar uchun javobgarlikni ISHID bo‘yniga olgandi.

Bu Afg‘onistonda so‘nggi bir hafta ichida sodir bo‘lgan birinchi portlash emas. «Afghanistan.ru» xabariga ko‘ra, o‘tgan yakshanba kuni Kobuldagi masjid yaqinida portlash sodir bo‘lgan va buning uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olgan. Bundan tashqari, 6 oktabr kuni kechasi Xost viloyatidagi diniy maktab tashqarisida yana bir hujum uyushtirilgan, 1 oktabr kuni esa Parvon viloyatining shimolida teraktlar sodir etilgani xabar qilingan.

Mamlakatda davom etayotgan portlashlar fonida «Tolibon» ISHID jiddiy xavf tug‘dirmasligini ta’kidlab, ISHID a’zolari hibsga olinayotgani va yo‘q qilinayotgani haqida xabar bermoqda.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan «terrorchilik tashkiloti» deb topilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistondagi masjidda yuz bergan portlash oqibatida 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi