21:23 / 20.10.2021
1 584

Tarixiy shaharning ozod etilishi – Ozarboyjonda muhim sana nishonlanmoqda

Tarixiy shaharning ozod etilishi – Ozarboyjonda muhim sana nishonlanmoqda
Keng ko‘lamli harbiy amaliyotning 24-kuni Zangilan shahri ozod qilingan.
Foto: «Trend.az»

Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi Zangilan shahri ozod qilinganining bir yilligini yodga oldi. Vazirlik bundan roppa-rosa bir yil avval – 2020 yil 20 oktabr sanasida mamlakatning muzaffar qo‘shini Zangilan shahri uzra Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘targanini qayd etgan.

Mazkur tarixiy shahar 1993 yilning oktabr oyida Qorabog‘ urushi davrida Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan va 27 yil davomida tan olinmagan «Tog‘li Qorabog‘ respublikasi» nazoratida bo‘lgan.

2020 yil 27 sentabr kuni Ozarboyjon armiyasi okkupatsiya ostidagi shaharlarni ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshladi va harbiy harakatlarning 24-kuni Zangilan shahri qaytarib olindi.

20 oktabr sanasida Zangilan bilan birga Fuzuliy, Jabroil, Xo‘javand tumanining bir qator qishloq va qasabalari ham ozod qilingan. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev millatga murojaatida ma’lum qilgan.

Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi shahar-qishloqlarning qaytarib olinishini tarixiy adolatning tiklanishi deb atagan
Qayd etilishicha, chorak asrlik okkupatsiya davrida Zangilan shahri infrastrukturasi fatoratga yuz tutgan, tarixiy-madaniy obidalar, yodgorliklar vayron qilingan. Shuningdek, ko‘hna o‘rmonzorlar kesilgan, Oxchuchay daryosi ifloslantirilgan.

Ayni paytda Zangilan shahrida yirik qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda, jumladan, aeroport va yo‘llar bunyod etilmoqda.
«Jug‘rofiy jihatdan qulay hududda joylashgan Zangilan transport va logistika markaziga aylanadi. Bu yerda aeroport qurilayotgani ham bejiz emas. Zangilan orqali, shuningdek, temiryo‘l va Naxchivon yo‘nalishida trassa barpo etiladi», – deydi prezident Ilhom Aliyev.

Rasmiy Boku Zangilan shahrining ozod etilishini muhim tarixiy hodisa deb biladi. Bu borada «Zangilanni ozod etgani uchun» medali ham ta’sis etilgan. Joriy yil 24 iyun kuni hududni ozod qilishda jasorat ko‘rsatgan 3435 nafar harbiy ushbu medal bilan taqdirlangan.

Umuman, 27 sentabrdan boshlanib 44 kun davom etgan harbiy operatsiya davomida Ozarboyjon qariyb 30 yillik okkupatsiyaga barham berib, o‘z hududiy yaxlitligini tiklashga muvaffaq bo‘lgan. 10 noyabr sanasi mamlakatda G‘alaba kuni o‘laroq e’lon qilingan.

Prezident I.Aliyev 18 oktabr – Ozarboyjon mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bergan bayonotida ham ikkinchi Qorabog‘ urushida erishilgan g‘alaba mamlakat va mintaqa tarixida yangi sahifa ochganini ta’kidlagan.

«Ozarboyjonni har jihatdan rivojlantirish va yanada mustahkamlash yo‘lidagi ko‘p yillik strategik harakatlarning mantiqiy natijasi tarixiy adolatning tiklanishi, Vatanimiz hududiy yaxlitligining ta’minlanishida namoyon bo‘ldi», – dedi Ozarboyjon yetakchisi.

I.Aliyev bu yo‘lda jon bergan harbiylarni ehtirom bilan yodga olib, g‘olib askarlarga minnatdorlik bildirgan.

S.Salim

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tarixiy shaharning ozod etilishi – Ozarboyjonda muhim sana nishonlanmoqda