Foto: Getty Images
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning Belarus bilan chegarasida yuzaga kelgan migratsiya inqirozi uchun javobgar ekanini aytdi. Moskvadagilar bu ayblovni mas’uliyatsizlik va axloqsizlik deb atadi. Bu boradagi munozara qanday avj olmoqda?
Polsha bosh vaziri nima degandi?
«[Belarus prezidenti Aleksandr] Lukashenko so‘nggi hujumning ijrochisi sanaladi. Ammo bu hujumning buyurtmachisi bor, u Moskva shahrida o‘tiradi. Bu buyurtmachi esa - prezident Putin», dedi Moravetskiy Polsha parlamentida bo‘lib o‘tgan shoshilinch yig‘ilish chog‘ida (iqtibos Euronews’niki).
U chegaradagi vaziyatni Rossiyaning o‘tmishda sovetlar ta’sirida bo‘lgan mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishi deb baholagan.
«Bizning sharqiy chegaralarimiz xavfsizligi qo‘pol tarzda buzilmoqda. Bu so‘nggi 30 yil ichida chegaralarimiz daxlsizligi sinovdan o‘tkazildi deb aytish mumkin bo‘lgan ilk holatdir», dedi polshaliklar bosh vaziri.
Yaqin Sharqdan kelgan minglab qochqinlar to‘plangan chegaradagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchakning ma’lum qilishicha, 10 noyabrga o‘tar kechasi Polsha-Belarus chegarasini buzib o‘tish uchun ko‘p urinishlar amalga oshirilgan
Natijada noqonuniy migrantlarning ikki guruhi Polsha hududiga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo ularning barchasi tez orada qo‘lga olingan.
Chorshanba kuni polshalik chegarachilar Belarusdan noqonuniy migratsiyaga vositachilik qilgan Rossiya fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berishdi. Undan tashqari Shvetsiya va Litva fuqarolari ham ushlangan.
Moskvaning javobida nima deyiladi?
Moskva o‘zi va Lukashenkoga qaratilgan ayblovlarni - o‘rinsiz deb hisoblaydi.
Chorshanba kuni bosh vazir Moravetskiyning ayblovlariga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov javob qaytardi. «Biz Polsha bosh vazirining Rossiya bu vaziyat uchun javobgarligi haqidagi so‘zlarini mutlaqo mas’uliyatsizlik deb hisoblaymiz. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan bayonotdir», degan Kreml vakili.
Peskov Polsha rasmiylarini qoralab, ushbu mamlakatning Belarus bilan chegarasida gumanitar halokat yuzaga kelayotgani va Yevropa o‘zi da’vo qilgan insonparvarlik ideallaridan chekinayotganini qayd etgan.
«Gap minglab kishilarning hayoti va sog‘ligi haqida ketmoqda, bu qochqinlar hatto Polshada ham qolmasliklari va YEI hududiga ichkariroq kirishni istashlarini aytishmoqda», deya eslatgan u.
Avvalroq Rossiyadagi axborot agentliklari qochqinlar tilidan shunday iqtiboslar keltirgandi. Chorshanba kuni RIA Novosti Polsha chegarasidan o‘tish maqsadidagi qochqinlardan biri bilan intervyuni nashr qildi.
«Biz Iroqqa qaytmoqchi emasmiz - bu 100, 200 foizga aniq. Biz shu yerda qolamiz. Yoki biz o‘lamiz, yoki ular chegarani ochishadi. Ularda ikki variant bor. Birinchisi - chegarani ochish va biz ketamiz. Ikkinchisi - biz shu yerda qolamiz, oziq-ovqatlarimiz tugashi va sovuq kunlar kelishidan qat’i nazar. Biz o‘lsak o‘lamiz, ammo hech qayerga ketmaymiz», degan u.
Shuningdek, Peskov Belarus-Polsha chegarasi butunlay yopilishi ehtimolini Belarusni «bo‘g‘ishga urinish» deb atagan.
Lekin Kreml vakili Belarus chegarasidagi vaziyat tufayli Rossiya qandaydir harbiy kuchlarni harakatga keltirishi ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javob berishni istamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya uchun risklar yo‘q, Belarus-Polsha chegarasida «zarur choralar ko‘rilmoqda», Belarus migratsiya organlari «juda mas’uliyatli pozitsiya»ni egallagan.
O‘z navbatida, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov chorshanba kuni Polsha hukumati va qo‘shni Litva Moskvaga hamkorlik borasida murojaat qilmagani bildirdi: «Polyaklar ham, litvaliklar ham, hech kim vositachilik masalasida va bu muhokamalarda ishtirok etish bo‘yicha aloqaga chiqqani yo‘q. Ular, menimcha, umuman hech kimga murojaat qilishmagan».
Lavrov Varshava va Vilnyusni tanqid qilishda so‘z tanlashda tiyilib o‘tirmadi, uning so‘zlariga ko‘ra, «Bu davlatlar yuzaga kelgan vaziyat uchun Belarusni ayblab, bu voqealar ortida Rossiya turgani haqidagi shov-shuvli bayonotlari bilan o‘zlarini zo‘r deb his qilib rohatlanishadi».
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova esa migratsiya inqirozi yuzaga kelishida birato‘la Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya va o‘zini Venesuela prezidenti deb e’lon qilgan muxolifatchi Xuan Guaydoni ham ayblab yubordi.
«Ular ham shunga o‘xshash gaplarni - o‘z mamlakati hududida qola olmasliklari va o‘zlarini vaqtinchalik ko‘chirilgan odam yoki quvg‘indagi qochqin deb hisoblashlarini aytishgandi. Ular ham himoya, qo‘llab-quvvatlov va yordam izlashgandi», deya izohladi o‘z mantig‘ini Zaxarova (uning «Solovev Live» YouTube-kanalidagi chiqishidan «MK» iqtibos keltirgan).
«Hayratlanarlisi, albatta, biz Varshavadan eshitgan gaplar. Bu, to‘g‘risini aytganda, menimcha, sog‘lom aql dorirasidan butkul chiqishdir. Men mamlakatimizga qaratilgan ayblar, umuman, vaziyatga baho berish haqida gapiryapman», degan u polshaliklar bosh vazirining Putin Belarus-Polsha chegarasidagi migratsiya inqirozi uchun javobgar ekani haqidagi bayonotiga javoban.
Lukashenko esa migrantlar orqali uning 2020 yilgi saylovlardagi g‘alabasini tan olmagan G‘arbga qarshi gibrid urush olib borayotgani to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etishda davom etmqda.
«Ha, hozir ular Belarusda «tuynuk» topishdi. Belarus orqali Yevropaga o‘tib olishni istashmoqda. Ular mutlaqo qonuniy parvozlar orqali bizga kelishmoqda. Lekin ular G‘arb aviakompaniyalari uchmaydigan aeroportga kelishmoqda. Ya’ni G‘arb Belarus aeroportini o‘zlari uchun yopib qo‘yishgan. Ammo bu joy hech qachon bo‘sh turmaydi. Bu yerga Yaqin Sharqdan, Uzoq Sharqdan, bombardimon qilingan davlatlardan o‘nlab samolyotlar parvoz qilmoqda», degan u migrantlarning harakatiga baho berarkan.
Bu vaqtda, Germaniya hukumati vakili Shteffan Zaybertning ma’lumot berishicha, kansler Angela Merkel Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan va undan qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatda Minskka bosim o‘tkazishni so‘ragan.
Reuters’ning yozishicha, Merkel Putin bilan muloqotda «Belarus rejimi tomonidan migrantlardan foydalanish noinsoniylik ekanligi»ni ta’kidlagan. O‘z navbatida, Kreml Putin «muammoni YEIga a’zo mamlakatlar vakillari va Minsk o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt o‘rnatgan holda muhokama qilish» taklifini bildirgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi