2 803
Xitoyda jiddiy siyosiy o‘zgarish. G‘arb matbuoti hodisani tarixni qayta yozishga qiyoslamoqda
Xitoy rahbari Si Szinpin 10 yillik boshqaruv an’anasiga chek qo‘yishi kutilmoqda.
Foto: Reuters
Pekinda Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining oltinchi plenumi yakunlandi. Majlisda Xitoy rahbar Si Szinpin tashabbusi bilan kommunistik partiyaning asosiy yutuqlari va tarixiy tajribasi xususida hujjat qabul qilindi. E’tiborga molik jihati, zamonaviy Xitoy tarixida mamlakat uchun dasturilamal sanalgan bunday hujjat bor-yo‘g‘i ikki marta – Mao Szedun (1945) hamda Den Syaopin (1981) davrida qabul qilingan.
Hujjatning to‘liq matni hali e’lon qilinganicha yo‘q, ammo plenum yakunlari bo‘yicha rasmiy matbuotda chop etilgan kommyunikeda Si Szinpin rahbarligidagi Xitoy kommunistik partiyasi tegrasida jipslashish, o‘rtoq Sining xitoycha sotsializmga yetaklovchi g‘oyalarini hayotga to‘laqonli tatbiq etish lozimligi qayd etilgan.
Kommyunikeda, shuningdek, Xitoy so‘nggi yillarda erishgan barcha yutuqlar o‘rtoq Si nomi bilan bog‘liq ekani, yetakchining millatning buyuk uyg‘onishiga qo‘shgan hissasi ulkan ekani ta’kidlangan.
CNN nashrining yozishicha, Kommunistik partiya plenumida jiddiy siyosiy hujjat qabul qilish bilan Xitoyning amaldagi rahbari Si Szinpin o‘zini mamlakat yaqin tarixidagi ikki ulug‘ yo‘lboshchi – Mao Szedun va Den Syaopin bilan bir safga qo‘ymoqda.
«Islohotlar otasi» Den Syaopin davridan beri Xitoy jamoaviy tarzda idora etilmoqda. Davlat rahbarlari ham odatda ko‘pi bilan ikki vakolat muddat davomida (10 yil) mamlakatni boshqarib, so‘ng ixtiyoriy ravishda o‘z o‘rnini vorisiga topshirayotgan edi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Si Szinpin ushbu an’anaga chek qo‘yib, ikkinchi vakolat muddati tugaganidan keyin (2022 yil) ham hokimiyatda qolishni ko‘zlamoqda.
Gap shundaki, 2013 yildan beri Xitoyni boshqarib kelayotgan Si Szinpin 2018 yili mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va davlat rahbari ikki muddatdan ortiq lavozimda qolishiga doir cheklovni bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.
G‘arb matbuoti Si Szinpinning so‘nggi dadil siyosiy qadamlarini tarixni qayta yozish deb baholamoqda.
Xitoy rasmiy nashrlari esa Si Szinpin koronavirus infeksiyasi tarqalgan ilk kunlardan qattiqqo‘llik bilan nazorat o‘rnatgani va kasallik yoyilishini to‘xtatib qolganiga urg‘u berib keladi.
Shuningdek, Hongkongdagi norozilik namoyishlari bostirilishi va mahalliy hokimiyatning Pekinning to‘laqonli nazoratiga o‘tkazilishi ham siyosiy yutuq o‘laroq baholanadi.
Xitoy Mao Szedun vafotidan keyin amalda bo‘lgan jamoaviy boshqaruv tizimidan yana voz kechib, yakkaboshlik boshqaruviga qaytmoqda. Qayd etilishicha, buning xavfli jihati shundaki, endilikda 1,4 milliard aholining taqdiri bir shaxsning qaroriga bog‘liq bo‘ladi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Si Szinpin propaganda — targ‘ibot-tashviqotga zo‘r berib, shaxsga sig‘inish holatini kuchaytirmoqda.
«Sobiq yetakchilar Xu Szintao va Szyan Szemin janob Si kabi yaxlit hokimiyatga ega bo‘lmagan. Ayni paytda janob Si shaxsiyatiga favqulodda katta e’tibor qaratilmoqda», – deydi Singapur milliy universiteti vakili, doktor Chong Ja Yan.
Maoizm g‘oyalari «qizil kitobcha» tarzida millionlab nusxada tarqatilgani ma’lum. Hozircha «Si Szinpin ta’limoti» yaxlit holda jamlanmagan. Ammo uning mushohadalari allaqachon maktablarda o‘qitilmoqda, ko‘plab universitetlarda Si Szinpin falsafasini tadqiq etish bo‘yicha markazlar tashkil etilgan. XXR raisi g‘oyalarini targ‘ib etuvchi o‘nlab mobil ilovalar ham ishlab chiqilgan.
Avval xabar berganimizdek, «Bloomberg» axborot agentligi Si Szinpinning asarlari mamlakatni boshqarishda asosiy dasturilamalga aylanayotgani, pirovardida amaldagi rahbarning g‘oyalari zamonaviy Xitoy davlati asoschisi Mao Szedun ishlab chiqqan maoizm ta’limotining o‘rnini egallashi haqida yozgan edi.
S.Salim
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?