14:30 / 26.11.2021
2 042

Interpol obro‘siga zarba: Mahbuslarni qiynoqqa solishda ayblangan general tashkilot rahbari bo‘ldi

Interpol obro‘siga zarba: Mahbuslarni qiynoqqa solishda ayblangan general tashkilot rahbari bo‘ldi
General Ahmad Nosir ar-Raisiy shu haftada Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan Interpol bosh assambleyasida. Foto: AFP
Birlashgan Arab Amirliklari maxsus xizmatining sobiq rahbari general Ahmad Nosir ar-Raisiy Interpolning yangi prezidenti etib saylandi. Huquq faollari va Yevroparlament a’zolari uning nomzodi borasida o‘z xavotirlarini bildirishdi. Chunki bir qator mamlakatlarda general BAA qamoqxonalaridagi qiynoqlar va zo‘ravonlikni rag‘batlantirishda ayblangan. Xususan, Buyuk Britaniya, Fransiya va Turkiya fuqarolari tomonidan unga qarshi shikoyatlar bildirilgan.

Ikki nafar britaniyalik – olim Mettyu Hejes va futbol ishqibozi Ali Issa Ahmad ar-Raisiyni BAA qamoqxonalarida qiynoqlarni rag‘batlantirishda ayblagan.

Hejes BAAda josuslikda ayblanib qo‘lga olingan, yetti oy qamoqxonada o‘tirgach, afv etilib, o‘z vataniga jo‘natib yuborilgan. Uning aybi hali ham isbotlanmadi.

Issa Ahmad BAAga 2019 yilning yanvarida futbol bo‘yicha Osiyo Kubogi o‘yinlariga kelgan va Qatar terma jamoasi emblemasi tushirilgan futbolka kiyib olgani uchun (o‘sha vaqtda Arab mamlakatlari va Qatar o‘rtasida sovuqchilik tushgandi) Dubay ko‘chalaridan birida qo‘lga olingan.

Ularning har ikkisi qamoqxonada ularga nisbatan yomon munosabatda bo‘lingani va tanalarida chandiqlar qolganini da’vo qilmoqda. Issa Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, uni elektroshoker bilan qiynoqqa solishgan, muntazam kaltaklashgan va Qatardagi ehtimoliy aloqalari haqida so‘roq qilishgan, uning tanasida kuyish va jarohati izlari qolgan.

BAAdagi qamoqxonalar ishini nazorat qiluvchi general ar-Raisiy Interpol rahbarligi lavozimiga da’vogar ekani ma’lum bo‘lgach, jabrlangan britaniyaliklar unga qarshi kampaniya boshlagandi.

«Qiynoqlar uchun javobgarlik uning zimmasida. Bu lavozimga uning nomzodi ko‘rsatilishi jinoyatlardan nafaqat qutulib qolish, balki ular ular uchun mukofotlanishni ham nazarda tutadi», deya Mettyu Hejesning so‘zlarini keltiradi Guardian.

Interpol obro‘siga zarba
Ko‘pchilik general ar-Raisiyning tayinlanishi Abu-Dabi tomonidan Interpol tuzilmasiga yuborilgan kattagina moliyaviy mablag‘ tufayli bo‘lganini ta’kidlamoqda.

11 noyabr kuni Yevropa parlamenti a’zolari Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga xat yubordi. Unda ar-Raisiyning prezident etib saylanishi tashkilot obro‘siga zarba bo‘lishi haqida ogohlantirilgan.

«General ar-Raisiyning saylanishi Interpolning asosiy tamoyillariga putur yetkazadi hamda uning o‘z missiyasini samarali bajarish qobiliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi», deyiladi xatda.

2020 yilning oktabr oyidayoq 19ta nodavlat notijorat tashkilotlar, jumladan, huquqni himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti ar-Raisiyni hukumat tanqidchilarini muntazam ta’qib etuvchi kuch ishlatar apparatning ajralmas qismi deb atagandi.

BAA rasmiylari xorijda bo‘lgan siyosatchi, muxolifatchi va jurnalistlarni korrupsiya yoki terrorizmda ayblab, jinoiy javobgarlikka tortish uchun ko‘pincha «qizil xabarnomalar»dan foydalanishi haqidagi ayblovlar bir necha bor aytilgan.

Belarus rasmiylari muxolifatchi Svetlana Tixanovskayani terroristik faoliyatda ayblagan va Interpolni uni izlash uchun jalb etishga harakat qilgan. Biroq Interpol buni rad etgan.
Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab avtoritar mamlakatlar, masalan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Misr va Ozarboyjon Interpol tizimidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadi.

Interpol faqat jinoiy politsiyaning xalqaro organi bo‘lsa-da, ushbu mamlakat rasmiylari Interpolni qidiruvga jalb etish uchun o‘z siyosiy raqiblarini jinoiy huquqbuzarlikda ayblaydi.

Xususan, 2021 yilning aprel oyida Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayani terroristik faoliyatga daxldor shaxslar ro‘yxatiga kiritdi hamda uni qo‘lga olish uchun Interpolga so‘rovnoma yubordi. Biroq Interpol Tixanovskayani xalqaro qidiruvga berishdan bosh tortdi.

Interpoldagi avtoritar rejimlar vakillari

Foto: AFP
Bu inson huquqlari bo‘yicha reytingi past mamlakat vakili Interpol prezidenti etib tayinlanishi bilan bog‘liq ilk holat emas. 2016 yilning noyabridan tashkilotni xitoylik amaldor Men Xunvey boshqargan. Uning vakolat muddati 2020 yilda tugashi kerak edi. Biroq 2018 yilda u kutilmagan yo‘qolib qoldi. Ko‘p o‘tmay u Xitoyning korrupsiyaga qarshi idorasi tomonidan qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. 2020 yilda esa u Xitoyda iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib, 13,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Men Xunvey to‘satdan iste’foga chiqqach, Rossiya IIV generali Aleksandr Prokopchuk uning o‘rniga kelishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri ekani aytilgandi.

O‘sha vaqtda ayrim mamlakatlar, masalan, Litva va Ukraina rossiyalik general ushbu lavozimga tayinlansa, ular Interpol tarkibidan chiqib ketishi mumkinligini aytdi. Keyinroq tashkilt rahbarligiga janubiy koreyalik Kim Jon’yan keldi. Ahmad Nosir ar-Raisiy aynan Jon’yanning o‘rniga keldi.

Qayd etish kerakki, Interpol prezidenti lavozimi asosan rasmiyatchilik uchun. Tashkilot rahbarinnig asosiy majburiyatlari har besh yilda saylanadigan bosh kotib zimmasida.

Hozirda bu lavozimni sobiq nemis politsiyachisi va davlat arbobi Yurgen Shtok egallab kelmoqda. U Interpolga 2005 yilda kelgan, 2014 yilda bosh kotib etib saylandi va 2019 yilda qayta saylandi.

Tashkilot shtab-kvartirasi Fransiyaning Lion shahrida joylashgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Interpol obro‘siga zarba: Mahbuslarni qiynoqqa solishda ayblangan general tashkilot rahbari bo‘ldi