12:07 / 19.12.2021
1 724

Rossiya Ochiq osmon shartnomasidan rasman chiqdi

Rossiya Ochiq osmon shartnomasidan rasman chiqdi
Foto: Shutterstock
18 dekabr kuni Rossiya Ochiq osmon shartnomasida ishtirok etuvchi davlatlar guruhidan rasman chiqdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.

Rossiya TIV shartnomaning «barbod bo‘lishi»da AQSHni aybladi hamda «shartnoma rejimining tanazzulga uchrashi» uchun javobgarlikni Amerika hukumatiga yukladi. TIV bayonotiga ko‘ra, AQSH va Rossiya ishtirokisiz shartnomaning samaradorligi keskin pasayadi, chunki endi ushbu kelishuv amal qiladigan maydon taxminan 80 foizga qisqaradi.

2020 yil 21 mayda o‘sha paytda AQSH prezidenti bo‘lgan Donald Tramp ham AQSH ushbu shartnomadan chiqib ketayotganini e’lon qilgandi. AQSH o‘z qarorini Rossiya shartnoma shartlarini buzgani, Moskva, Kaliningrad, Checheniston, Abxaziya va Janubiy Osetiya chegaralari yaqinida kuzatuv parvozlarini taqiqlagani bilan izohlagan. Shartnomaga binoan tomonlar boshqa davlatlarning hududlari bo‘ylab tekshiruv parvozlarini amalga oshirishga haqli hisoblanadi. 22 noyabr kuni AQSH rasmiy ravishda shartnomadan chiqdi.

Moskva qonunbuzarliklar yuz berganini rad etgan va bu borada Vashingtonni ayblagan.

2021 yil yanvar oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ochiq osmon shartnomasidan chiqishga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi. 11 may kuni Putin Rossiyaning Ochiq osmon shartnomasini denonsatsiya (bekor) qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Davlat Dumasiga taqdim etdi. Quyi palata 19 may kuni chiqishni bir ovozdan ma’qulladi. 2 iyun kuni Federatsiya Kengashi qonunni tasdiqladi. 6 iyun kuni esa Putin mazkur qonunga imzo chekdi.

Ma’lumot uchun, Ochiq osmon shartnomasi 1992 yilda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan 27 davlat vakillari tomonidan imzolangan. Bugungi kunga kelib shartnomada 30 dan ortiq davlat ishtirok etmoqda. Shartnoma mamlakatlarga bir-birlarining hududlari bo‘ylab kuzatuv parvozlarini amalga oshirishga, shuningdek, ushbu jarayonda foto va videotasvirlardan foydalanishga imkon beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Ochiq osmon shartnomasidan rasman chiqdi