14:33 / 07.01.2022
1 272

To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklanganini e’lon qildi

To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklanganini e’lon qildi
Foto: Getty Images
Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartibning katta qismi tiklangan, biroq «jangarilar»ga qarshi kurash davom etmoqda. Bu haqda respublika prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha shtab yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Qonun va tartibni saqlash kuchlari qattiq ishlamoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida konstitutsiyaviy tartibning katta qismi tiklandi. Mahalliy hokimiyat idoralari vaziyatni nazorat qilmoqda», — dedi u.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, qurolli shaxslar haligacha Qozog‘iston aholisining mulkiga zarar yetkazmoqda, shuning uchun ularga qarshi oxirigacha kurashish kerak. Xavfsizlik idoralari rahbarlari prezidentga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kuchlari respublikaga kelgani haqida hisobot berdi. «Ular vaziyatni hal qilishga yordam bermoqda», — deya ta’kidladi Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati.

«Xabar 24» davlat telekanali orqali Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi barcha hokimliklar va ichki ishlar idoralari ustidan nazorat tiklanganini e’lon qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, maxsus operatsiyalar davomida xavfsizlik kuchlari 3 mingdan ortiq qonunbuzarni hibsga olgan, 26 nafar «qurolli jinoyatchi» o‘ldirilgan, yana 18 nafari yarador qilingan.

Avvalroq IIV tartibsizliklar chog‘ida 18 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgani, yana 748 nafar politsiya va Milliy gvardiya zobiti yaralangani haqida ma’lumot bergan.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ommaviy tartibsizliklar, shuningdek, terrorchilik aktlarini sodir etish bo‘yicha tergov doirasida jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu moddalar bo‘yicha aybdor bo‘lganlar sakkiz yildan umrbodgacha qamoq jazosi bilan yoki fuqarolikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida avvalroq prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tartibsizliklar sabablarini o‘rganuvchi, aybdorlarni aniqlovchi va javobgarlikka tortuvchi tergov guruhini tuzishni buyurgan edi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tartibsizliklar ishtirokchilari xorijda malaka oshirgan.

Shu munosabat bilan To‘qayev KXSHT mamlakatlariga murojaat qilib, yordam so‘ragandi. Tashkilot cheklangan muddatga respublikaga tinchlikparvar kontingent yubordi.

Mahalliy Tengrinews nashrining xabar berishicha, Qozog‘iston hududida terrorchilik xavfining «yuqori qizil» darajasi joriy etilgan. Keyinroq Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga tayanib, bu ma’lumotni Kazinform agentligi tasdiqladi.

«Mamlakatning barcha hududlarida aksilterror operatsiya rejimi o‘rnatildi», — deya qo‘shimcha qilgan qo‘mita.

Tengrinews xabariga ko‘ra, bunday vaziyatda maxsus xizmatlarga shaxsiy buyumlarni ko‘zdan kechirish, transport vositalarini tintuv qilish, shuningdek, ularning harakatini vaqtincha cheklash yoki taqiqlashga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, xavfsizlik kuchlariga «turar joy va boshqa binolarga erkin kirishga» ruxsat berilgan. Ular telekommunikatsiya tizimlari kanallari orqali uzatiladigan muzokaralar yoki boshqa ma’lumotlarga kirishi mumkin. Shuningdek, bu davrda barcha maxsus xizmatlarning to‘liq safarbarligi va jangovar tayyorgarligi nazarda tutilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklanganini e’lon qildi