21:34 / 13.01.2022
2 284

Nazarboyev davrida Qozog‘istonda kimlar boylik orttirgandi?

Nazarboyev davrida Qozog‘istonda kimlar boylik orttirgandi?
Foto: AP Photo
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlamentdagi chiqishida Nursulton Nazarboyev davrida boylik orttirgan oligarxlar tizimli tarzda xalqqa yordam berishi kerakligini qayd etdi. «RBK» Nazarboyevlarga aloqador Qozog‘istonning badavlat biznesmenlari haqida material tayyorlagan, «Daryo» uni e’tiboringizga havola qiladi.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev 11 yanvar kuni Qozog‘iston parlamentidagi nutqida oligarxlar haqidagi gaplaridan keyin islohotlar rejasi to‘g‘risidagi takliflarini bildirib, katta biznes vakillarining xalqqa yordam berishi zarurligini ta’kidlagan.

«Birinchi prezident — elboshi davrida mamlakatda serdaromad kompaniyalar va hatto xalqaro darajada juda boy odamlar paydo bo‘ldi. Endi Qozog‘iston xalqiga ko‘mak beradigan, tizimli va doimiy ravishda yordam qiladigan vaqt keldi», — degan To‘qayev.

To‘qayevning fikricha, biznes vakillari «Qozog‘iston xalqi uchun» fondiga doimiy ravishda mablag‘ ajratib, ijtimoiy soha muammolarini hal etishga o‘z hissasini qo‘shadi. To‘qayev gap qaysi «boylar» haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Qozog‘istondagi barcha milliarder va multimillionerlar Sobiq ittifoq paytidan 2019 yilgacha hokimiyatni boshqargan mamlakatning birinchi prezidenti, elboshi Nursulton Nazarboyev boshqaruvi davrida paydo bo‘lgan. Ayrim juda boy odamlarning biznes karerasi aynan sobiq davlat rahbari shaxsi bilan bog‘liq.

Qizlar va kuyovlar
Nazarboyevning qizi Dinara va uning turmush o‘rtog‘i Timur Kulbayevning boyligi 2021 yil bahorida Forbes tomonidan har biriga 2,9 milliard dollardan baholangan. Bu mamlakatdagi eng boy biznesmenlar orasida beshinchi o‘rinni anglatadi. Er-xotinlar bir xil miqdordagi biznes ulushlarga ega. «Almeks» investitsion guruhi orqali ular mamlakatning eng katta banklaridan biri bo‘lgan «Qozog‘iston Xalq banki»ning majoritar ulushiga egalik qiladi.

Shuningdek, Kulibayev avtomobil yoqilg‘isni ishlab chiqarish va sotish bilan bog‘liq aktivlarga ham egalik qiladi. Eslatib o‘tamiz, aynan avtomobil uchun siqilgan gaz yoqilg‘isining narxi oshgani tufayli mamlakatning g‘arbiy hududlarida namoyishlar o‘tkazilgan. U Sinagapurdagi Steppe Capital holdingi orqali Britaniyadagi Nostrum Oil & Gas kompaniyasini boshqaradi, ushbu korxona neft qazib olib uglevodorod gazi ishlab chiqaradigan «Jaikmunay»ga egalik qiladi. 2021 yil yozida uglevodorod gazi tanqisligi tufayli Qozog‘iston ichki bozorida yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarga eksportdan voz kechish talabi qo‘yilgan, ammo ayrim kompaniyalar, xususan, «Jaikmunay»ga istisno qilishga ruxsat berilgandi. 2020 yilda Kulibayevga tegishli Joint Technologies bunga qadar «Kazmunaygaz»ga, ya’ni davlatga tegishli katta AYOQSH tarmog‘ini xususiylashtirdi (300 dan ortiq AYOQSH), bunga qadar biznesmen GasEnergy avtozapravkalar tarmog‘iga egalik qilardi.

2020 yilda Financial Times Kulibayevning Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz o‘tkazish quvurlari qurilishi sxemalaridan kamida o‘n millionlab dollar ishlab olgani haqida yozgandi. Aleksandr Karmanov konsorsiumidagi Yevrosiyo gaz quvuri Rossiya korxonalariga qayta sotilar va Kulibayevga 70 foizi foyda keltirardi. Kulibayevning vakillari materialda noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligini qayd etgan, Qozog‘iston prokuraturasi esa 2021 yil may oyida maqolada ko‘rsatilgan axborotlar tekshiruvini yakunladi va bu borada qonunbuzilish holatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Qozog‘iston OAV Nazarboyevning yana bir qizi Aliyaga «Operator ROP» kompaniyasining aloqasi borligini qayd etadi. Mazkur kompaniya 2015 yildan buyon mamlakatda avtomobillar, avtoehtiyot qismlari va qadoqlangan mahsulotlar uchun utilizatsiya yig‘imini oladi va kelib tushgan mablag‘larni taqsimot qiladi. Kichik Nazarboyeva operatorning birinchi ta’sischisi bo‘lgan. 2020 yil boshida hisobotini e’lon qilmaydigan kompaniya yig‘imlardan 220 milliard tenge (taxminan, 500 million dollar) olgan. 11 yanvarda To‘qayev hukumatga «Operator ROP» tomonidan olinayotgan yig‘imlarni bekor qilishni buyurdi.

«Bu ish bilan davlat tashkiloti shug‘ullanishi kerak», — deya qayd etgan u.

Elboshining kenja qizi Qozog‘iston magistral quvur o‘tkazgichlari milliy operatori «KazTransOyl»ning direktori Dimash Dosanovga turmushga chiqqan. O‘tgan haftada Britaniyaning The Telegraph gazetasi Aliyaning Londonda narxi 10 million dollardan qimmatroq bo‘lgan uy sotib olgani haqida yozgandi. Aliya Nazarboyevaning moliyaviy maslahatchilariga aloqador sud materiallariga asoslangan nashrning qayd etishicha, elboshining kenja qizi mamlakatdan ofshor yurisdiksiyalari orqali 30 million dollardan ko‘p mablag‘ni olib chiqib ketgan. U Qozog‘istondagi ayrim kompaniyalardagi ulushlarini sotib, shuncha pul ishlab olgan. Ushbu pullarning 25 million dollariga Challenger Bombardier samolyoti xarid qilingan, shuningdek, CBH Shveysariya bankidan ulush sotib olingan.

Forbes’da savlat to‘kib turishadi
Qozog‘iston hukumati avval ham bir necha marta mamlakatning badavlat odamlari investitsiyalar bilan bog‘liq muvaffaqiyat uchun xalqqa mablag‘ ajratishni talab qilgan.

«Biz juda ko‘p badavlat odamlarni – milliarderlar, millionerlarni yetishtirdik. Ularning fotosuratlari Forbes muqovalarini bezaydi. Juda chiroyli ko‘rinishadi, barchasi yasan-tusan qilgan, yuzlariga upa sepgan, bashang kiyingan. Ammo ushbu pullar Qozog‘istonni, bizning mamlakatni, davlatni yanada boy qilishi mumkin. Keling, yaxshisi mablag‘ni vatanga sarflaymiz. Turli xil ofshorlar haqidagi gaplarning aksariyati uydirma», — degan edi 2016 yilda Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan Nursulton Nazarboyev.

Timur Kulibayev (o‘ngda) rafiqasi Dinara hamda o‘g‘li bilan
Foto: «RIA Novosti»

Ayni vaqtda Forbes’ning global milliarderlar ro‘yxatida Qozog‘istonda besh nafar vakil kirgan (ularning ikki nafari yuqorida qayd etilgan er-xotin Kulibayevalar). Mamlakatning eng badavlat biznesmenlari reytingida birinchi o‘rinni 4,7 milliard dollar boylik bilan oxirgi to‘rt yil davomida KAZ Minerals mis ishlab chiqaruvchi kompaniyasining egasi Vladimir Kim egallab turibdi. Kompaniya direktorlar kengashining raisi Oleg Novachuk «RBK»ga Qozog‘iston prezidentining ijtimoiy ehtiyojlar uchun maxsus fondga mablag‘ ajratish yuzasidan gapirgan gaplari yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Oleg Novachuk
Foto: «TASS»

Qozog‘iston boylari orasida ikkinchi o‘rinni Vladimir Kimning familiyadoshi Vyacheslav Kim (4,2 milliard dollari) egallagan. 2021 yilda uning boyligi Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, qariyb 3,5 milliard dollarga ko‘paygan. Sababi London birjasida «Kaspi.kz» — onlayn-reteyl, pulli o‘tkazmalar, kreditlash va boshqa moliyaviy xizmatlarni birlashtirgan platforma aksiyalari qimmatlagan. Kim ham Nazarboyevlar oilasiga aloqador shaxslardan biri, uning «Kasbi»dagi hamkori Qozog‘iston birinchi prezidentining jiyani Qayrat Satibaldi (u kompaniyadagi ulushini 2018 yilda sotib yuborgan) edi.

Qozog‘istonning yana bir milliarderi — Nazarboyev administratsiyasi sobiq xodimi, 2006–2009 yillarda administratsiyada ishlar boshqarmasi rahbari bo‘lgan va elboshiga juda yaqin insonlardan biri — Bulat Utemuratov. Mamlakatning eng katta banklaridan biri Fortebank (Qozog‘istonda aktivlar hajmi bo‘yicha 5-o‘rinda turadi) Utemeratovga tegishli, shuningdek, Bulat «KaR-Tel» hamda Sky Mobile (Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi Beeline operatorlari) kabi kompaniyalarda, RG Gold oltin qazib oluvchi korxonasi, Nur-Sulton, Vena va Moskvadagi Ritz-Carlton mehmonxonasi, Burger King’ning Qozog‘istondagi franshizasida ulushlarga ega. 2020 yil oxirida Utemuratov sobiq egasi, muxolifat vakili Muxtar Ablyazov bilan aktivlarni qaytarish yuzasidan sudlashayotgan BTA Bank ishi bo‘yicha eshituvga chaqirilgan. Utemuratov bankdagi o‘g‘riliklarni yashirishga yordam bergan bo‘lishi mumkin. Biznesmenning o‘zi barcha ayblovlarni inkor etgan.

Bulat Utemuratov
Foto: «Kommersant’»

Forbes Qozog‘iston biznesmenlarning boyligini nafaqat ularning aktivlari, balki hokimiyat boshqaruviga ta’siri doirasida ham baholagan. Kulibayev va Utemuratov mazkur reytingda (2021 yil oktabr holatiga ko‘ra) birinchi hamda ikkinchi o‘rinda qayd etilgan, Valdimir va Vyacheslav Kim mos ravishda uchinchi, to‘rtinchi pog‘onalarda. Beshinchi o‘rinni Qayrat Boranbayev (boyligi 590 million dollar) egallagan, u ham Nazarboyevlarning yana bir qarindoshi: uning qizi Alima birinchi prezidentning nevarasi, 2020 yil avgustida vafot etgan Oysultonga turmushga chiqqandi. Boranbayev Qozog‘istondagi McDonald’s franchayzingiga egalik qiladi, shu bilan birga, avval davlatga qarashli bo‘lgan Olmaotadagi pulli avtoturargohlar egasi hisoblandi.

Shu yili Forbes’ning eng obro‘li biznesmenlar o‘nligiga Kenes Rakishev ham kiritilgan. U jami 23 ta mamlakatda, jumladan, Rossiya, Ukraina va Kiprda aktivlariga ega BTA Bankining egasi. Biznesmen NetElement fintexstartapi hamda Ruminiyadagi Romaltyn oltin qazib oluvchi kompaniyasiga ham rahbar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nazarboyev davrida Qozog‘istonda kimlar boylik orttirgandi?