15:08 / 24.02.2022
2 418

Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi»

Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral tongida Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi» va Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha 24 fevral soat 13:00 gacha e’lon qilingan barcha ma’lumotlarni «Daryo» bir sahifaga jamladi.

Putinning murojaati
Rossiya prezidenti Vladimir Putin urush boshlangani haqida «Rossiya 24» telekanali efirida rossiyaliklarga murojaat bilan chiqib e’lon qilgan. Operatsiyadan maqsad «Kiyev rejimi tomonidan tahqirlash va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir», dedi Putin.

«Vaziyat bizdan qat’iy va zudlik bilan chora ko‘rishni talab qilmoqda. Donbass xalq respublikalari yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qildi. Shu munosabat bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasi 7-qismiga muvofiq, Federatsiya Kengashining ruxsati bilan va Federal Assambleya tomonidan tasdiqlangan DXR va LXR bilan do‘stlik hamda o‘zaro yordam shartnomalariga muvofiq, men maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qildim. Uning maqsadi sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlash va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir. Va buning uchun biz Ukrainani demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilishga intilamiz. Shuningdek, tinch aholiga, jumladan, Rossiya fuqarolariga qarshi ko‘plab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni ham javobgarlikka tortish maqsad qilingan», — dedi prezident.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning rejalarida Ukrainani bosib olish yo‘q. Shu bilan birga, davlat rahbari Ukraina armiyasi harbiy xizmatchilaridan qurollarini tashlab, «uylariga qaytishni» talab qildi. Bunga amal qilganlar «urush hududini to‘siqsiz tark etib, oilasi bag‘riga qaytishi» mumkin bo‘ladi, deydi u.

«Biz voqealarning har qanday rivojiga tayyormiz. Bu borada barcha zarur qarorlar qabul qilingan. Umid qilamanki, menga quloq solishadi», — ta’kidladi Putin.

U, shuningdek, «ehtimoliy qon to‘kilishi» uchun javobgarlik Ukraina hukumati zimmasiga tushishini aytdi.

«Bizning mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum har qanday tajovuzkor uchun tor-mor bo‘lish va dahshatli oqibatlarga olib kelishiga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak», — dedi Putin.

Ukrainadagi vaziyat
24 fevral kuni erta tongda Kiyev, Xarkov va Dneprda harbiy infratuzilma ob’ektlariga raketa hujumlari uyushtirildi.

«Bosqin boshlandi. Hozirgina Kiyev, Xarkov, Dneprdagi harbiy boshqaruv markazlari, aerodromlar, harbiy omborlarga raketa zarbalari berildi. Chegara artilleriyadan o‘qqa tutilmoqda. Bugundan boshlab dunyoda yangi geosiyosiy voqelik vujudga keldi. Yo Ukraina va dunyo yangi Gitlerni hoziroq to‘xtatadi, yoki Uchinchi jahon urushi bo‘ladi», — deb yozdi Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Rossiya qo‘shinlari Xarkov yaqinida Ukraina chegarasini kesib o‘tgan. Shuningdek, Mariupol va Odessaga Rossiya desant qo‘shinlarining tashlangani haqida ham xabar berilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi yuqori aniqlikdagi qurollar yordamida Ukraina armiyasining harbiy infratuzilmasi, havo hujumidan mudofaa qilish ob’ektlari, harbiy aerodrom va aviatsiyalari ishdan chiqarilayotganini ma’lum qilgan. Harbiylarning ta’kidlashicha, Ukraina shaharlariga hech qanday raketa, aviatsiya yoki artilleriya zarbalari amalga oshirilmagan hamda «Ukraina aholisiga hech qanday xavf yo‘q».

Ukraina havo hududi aviaparvozlar uchun yopildi. Samolyotlar Ukrainani aylanib o‘tishni boshladi.

Ukraina osmoni.
Foto: Fligtrader 24

Shuningdek, Rossiya janubidagi 12 ta aeroport ham 2 martga qadar yopildi.

Namangandan Krasnodarga uchgan Uzbekistan Airways samolyoti Rostov viloyatidagi havo maydoni yo‘lovchi samolyotlarining qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan viloyatga majburiy qaytarildi. Ammo yonilg‘i yetarli bo‘lmagani bois samolyot Urganchga qo‘ndirildi. Shuningdek, Toshkentdan Kiyevga uchgan Sky Up Airlines aviakompaniyasining reysi Moldovaga yo‘naltirildi.

Uzbekistan Airways 27 fevral va 2 mart kuni Kiyevga rejalashtirilgan parvozlarni bekor qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy butun mamlakat bo‘ylab harbiy holat e’lon qildi.

- "Tongda Putin Donbassda maxsus harbiy operatsiya boshlanishini e’lon qildi. Rossiya bizning harbiy infrastruktura va harbiylarimizga zarba berdi. Ukrainaning ko‘plab shaharlarida portlash ovozlari eshitildi. Biz butun Ukraina hududi bo‘ylab harbiy holat joriy etyapmiz.

Bugun sizdan faqat xotirjamlik zarur, imkon qadar uyda qoling. Biz ishlayapmiz, armiya ishlayapti, butun xavfsizlik sektori va mudofaa ishlamoqda. Men, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi, vazirlar mahkamasi doimo siz bilan aloqada bo‘lamiz. Tez orada yana aloqaga chiqaman.

Xavotirga tushmang, biz kuchlimiz, biz barchani yengamiz. Chunki biz — Ukrainamiz. Ukrainaga sharaflar bo‘lsin
".

Kiyevliklar shaharni avtomobillarda tark eta boshladi. Shahar bo‘ylab tirbandliklar vujudga keldi.

Kiyevdagi tirbandliklar.
Foto: Telegram

Zapravkalarda ham uzun navbatlar yuzaga keldi. Kiyev meri Vitaliy Klichko ham fuqarolarni uyda qolishga hamda hujjatlar va zarur buyumlar solingan sumkani tayyorlab qo‘yishga chaqirdi. Biroz o‘tib Kiyevda havo trevogasi sirenasi yangradi.

Metrolar bomba hujumidan himoya inshootlariga aylantirildi, odamlar metroda yashirinishni boshladi. Kiyev va Xarkov metrosiga kirish bepul qilib qo‘yildi.

Kiyev metrosi.
Foto: AFP

DXR va LXR Donbassdagi Ukraina qo‘shinlarining pozitsiyalariga qarshi hujum boshladi. Biroz o‘tib LXR Luganskdan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan va Kiyev nazorati ostidagi Schaste shahrini egallab olgani haqida xabar tarqalgandi. Ammo Ukraina IIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenko bu xabarlarni feyk deb atadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina havo hujumidan mudofaa ob’ektlari ishdan chiqarilgani, Ukraina chegara xizmati harbiy xizmatchilari Rossiya bo‘linmalariga hech qanday qarshilik ko‘rsatmayotganini ma’lum qilgan.

Ukraina Rossiya harbiy samolyotini urib tushirganini ma’lum qilgandi, biroq Rossiya tarafi bu xabarlarni rad etdi.

Ukraina chegara xizmati Rossiya qo‘shinlari Chernigov, Xarkov va Lugansk viloyatlari chegarasidan o‘tayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Mariupol va Odessaga Rossiya desant qo‘shinlarining tashlangani haqida ham xabar berilgan.

Ukraina tomoni otishmalar oqibatida 7 kishi halok bo‘lgani, 9 kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Vladimir Zelenskiy har soatda aholiga murojaat bilan chiqishini e’lon qildi. Zelenskiy AQSH prezidenti va boshqa dunyo yetakchilari bilan gaplashganini aytdi hamda «antiputin ittifoqi» tuzishga chaqirdi.

O‘zbekiston elchixonasining murojaati
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari Elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.

Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari pasport ma’lumotlarini Elchixonaning [email protected] elektron manziliga yuborishlari so‘raladi.

Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tinchlik saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda Elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz.


Dunyoning munosabati
AQSH prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiyaning Donbassdagi harbiy operatsiyalariga «hamjihatlikda va qat’iy javob qaytarishini» va’da qildi.

«Bugun butun dunyoning duosi Rossiya qurolli kuchlarining sababsiz va asossiz hujumidan aziyat chekayotgan Ukraina xalqi bilan. Prezident Putin qasddan halokat va azob-uqubatlarga olib keladigan urushni tanladi. Ushbu hujumlar olib keladigan o‘lim va vayronalar uchun faqat Rossiya javobgar bo‘ladi, AQSH, uning ittifoqchilari hamda sheriklari hamjihatlikda va qat’iy usulda javob qaytaradi. Dunyo Rossiyani javobgarlikkar tortadi», — dedi Bayden.

Yaqin vaqtlar ichida Bayden G7 yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishga va’da bergan. Shundan so‘ng, u Amerika xalqiga murojaat bilan chiqib, «harbiy tajovuz uchun Rossiyaga qo‘yiladigan keyingi oqibatlarni e’lon qiladi».

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyani qo‘shinlarni qaytarishga va «asr boshidan buyon Yevropadagi eng yomon urush» ro‘y berishining oldini olishga chaqirdi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyaning maxsus operatsiyasini «Xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi» deb atadi hamda Rossiyani harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi.

Norvegiya hamda Buyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasini qoraladi. «Biz Ukraina tomonidamiz va sheriklarimiz bilan uchbu dahshatli tajovuz aktiga chora ko‘rish bo‘yicha ishlarni boshlaymiz», — dedi Britaniya bosh vaziri Liz Trass.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiyasi»