8 844
Rossiya Qozog‘istondan Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni so‘radi. Qanday javob qaytarildi?
Q.To‘qayev va V.Putin.
Foto: Kremlin.ru
Rossiya Qozog‘istondan Ukrainaga qarshi urushga qo‘shilishni so‘radi, deb xabar beradi AQSHning NBC telekanali.
Qayd etilishicha, Rossiyaning yaqin ittifoqchisi va qo‘shnisi bo‘lgan mamlakat Ukraina bosqinida qatnashish so‘rovini rad etgan. Rasmiy Nursulton ayirmachi Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olishdan ham bosh tortgan.
AQSH tomoni Qozog‘iston bu tariqa qat’iy siyosiy iroda ko‘rsatganini olqishlamoqda, deb xabar beradi NBC.
Dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra Ukrainaga tegishli bo‘lgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining mustaqilligi va suverenitetini tan oldi. Dunyo hamjamiyati bu harakat xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi deya keskin qoraladi.
22 fevral, seshanba kuni ushbu hodisaga munosabat bildirgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi rasmiy Nursulton ikki hududni mustaqil deb tan olmasligini ma’lum qildi.
Qozog‘iston xalqaro huquq va BMT nizomi tamoyillariga tayanishini ta’kidlagan vazir tomonlarni masalani diplomatik yo‘l bilan yechishga undadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Ukraina hududiga qo‘shin tortib kirdi.
Qozog‘iston Kremlning Ukrainaga nisbatan hududiy da’volariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘layotgani bejiz emas. Negaki Rossiya siyosiy doiralarida Qozog‘istonga nisbatan ham shunday da’volar ilgari surilgan.
2020 yil dekabrda Rossiya Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» dasturida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagan deya bayonot berdi. «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir», – dedi u.
Keskin hududiy da’vo parlamentning qo‘mita raisi emas, kichikroq rutbadagi a’zosi tomonidan aytilganda, ehtimol, «ha endi bir deputatning almoyi-jalmoyi fikri-da» deyish mumkin edi. Ushbu fikr davlat telekanali dasturida yangragani, boz ustiga, V.Nikonov iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi ekani vajidan bu da’vo Qozog‘iston siyosiy doiralarida katta xavotir ila qarshi olindi.
Deputat Yevgeniy Fyodorov hamkasbi V.Nikonovning fikrini qo‘llab-quvvatlagan holda, Qozog‘iston Sovet ittifoqiga tegishli hududlarga noqonuniy ravishda egalik qilayotganini da’vo qildi.
«O‘rtoq Nazarboyev, To‘qayev, TIV... Verniy – Olmaota shahri hududini qaytaring!» – deb talab qildi u.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2021 yil yanvar oyida «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan «Mustaqillik barchasidan qadrli» deb nomlangan maqolasida rossiyalik mulozimlarning hududiy da’volarga munosabat bildirdi.
«Ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan muqaddas zaminimiz – bizning bebaho boyligimizdir. Ushbu hududni qozoqlarga xorijdan birov peshkash qilmagan. Bizning bugungi tariximiz 1991 yoki 1936 yillar bilan o‘lchanmaydi. Ona xalqimiz ushbu zaminda Qozoq xonligi davrida, undan avvalroq Oltin o‘rda, Turk xoqonligi, xunlar va saklar davrida umrguzaronlik qilgan. Muxtasar aytganda, tariximiz ildizi qadim o‘tmishga borib taqaladi», – deb yozdi Q.To‘qayev.
Rossiya siyosatchilarining da’voyu iddaolari shu bilan to‘xtagani yo‘q. Joriy yil yanvar oyida qo‘shni mamlakat g‘alayon domida qolgan paytda bahsli bayonotlari bilan tanilgan Vladimir Jirinovskiy Qozog‘istonning shimoliy viloyatlarini «Rossiyaning tarixiy yerlari» deya iddao qildi va ularning qaytarilishi lozimligidan bahs etdi.
Rossiya matbuoti va siyosiy doiralarida bu kabi axboriy xurujlar bot-bot kuzatiladi. Darvoqe, 2014 yilda V.Putin bu borada yanada ochiqroq fikr bildirgan, qozoqlarda davlatchilik bo‘lmaganini aytgan edi.
S.Salim
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Tramp jamoasi rasmiylarga yoqmagan generallarni “tozalash” uchun farmon tayyorladi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi