18:30 / 27.02.2022
1 186

Ukraina delegatsiyasi muzokaralar uchun Belarusga jo‘nab ketgani xabar qilindi

Ukraina delegatsiyasi muzokaralar uchun Belarusga jo‘nab ketgani xabar qilindi
Foto: Getty Images
Belarus Milliy matbuot markazi belaruslik siyosatchi Yuriy Voskresenskiyga tayanib, Ukraina delegatsiyasi Gomeldagi muzokaralar uchun jo‘nab ketgani haqida xabar berdi. Hozircha ma’lumot Kiyev tomonidan tasdiqlanmagan.

Rossiya delegatsiyasi rahbari, Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, Kiyev Gomeldagi muzokaralarga tayyorligini tasdiqlagan. Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi a’zolari muzokaralar uchun Minskdan Gomelga yo‘l olgan.

Keyinroq Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya delegatsiyasi Gomelda ekani va muzokaralarga to‘liq tayyorligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, delegatsiya Ukraina vakillarini kutmoqda.

Ukraina delegastiyasining Belarusga yo‘l olgani haqidagi xabardan bir soatcha oldin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qilganini aytgandi.

Avvalroq Medinskiy Rossiya tomoni Ukraina delegatsiyasining Gomeldagi muzokaralarga kelishi va u yerda bo‘lib turishi davomidagi xavfsizligini kafolatlaganini ma’lum qilgan.

«Tomonlar Ukraina delegatsiyasining yo‘nalishini batafsil ishlab chiqdi, kelishib olindi, biz Ukraina delegatsiyasining mutlaq xavfsizligini ta’minladik va kafolatladik», — dedi prezident yordamchisi.

Undan avval Zelenskiy muzokaralar uchun Varshava, Budapesht va Istanbul singari boshqa shaharni tanlashni taklif qilgan edi. U harbiy hujumlar Belarus tomonidan ham amalga oshirilgani sababli ushbu davlat hududida muzokaralar olib bormoqchi emasligini aytgan.

24 fevral kuni Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganidan bir necha soat o‘tib, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonlarni Minskda muzokara o‘tkazishga taklif qilgandi. 25 fevral kuni Ukraina prezidenti ofisining vakili va Zelenskiyning o‘zi muzokara o‘tkazish taklifi bilan chiqgan.

26 fevral kuni Ukraina tomoni Rossiya bir qator «qabul qilib bo‘lmaydigan» ultimatum talablarini ilgari surgani haqida xabar bergan. Shundan so‘ng, yig‘ilish qayerda va qanday tarkibda o‘tishi to‘g‘risidagi muhokama bir muddat to‘xtatilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina delegatsiyasi muzokaralar uchun Belarusga jo‘nab ketgani xabar qilindi