13:07 / 04.03.2022
1 134

Ispaniyada apelsindan elektr energiya olinmoqda

Ispaniyada apelsindan elektr energiya olinmoqda
Foto: Getty Images
Ispaniyaning Sevilya shahri ma’muriyati iste’molga yaroqsiz apelsinlardan elektr energiya olishni yo‘lga qo‘ydi, deb xabar beradi TRT.

Sevilya dunyoning apelsin poytaxti deb atalishi bejiz emas. Zero, bu qadimiy shaharda oz emas, naq 50 ming tupdan ziyod po‘rtahol daraxti o‘sadi, yiliga 5,7 mln kg hosil yetishtiriladi. Ammo mazkur hosilning salmoqli qismi yeyishga yaroqsizdir. Ilgari taxir va achchiq apelsinlar chorvaga yedirilar, qisman parfyumeriya sanoatida ishlatilar edi. Endi esa omilkor va tadbirkor sevilyaliklar ushbu sitrus mevadan elektr energiya olayotir.

Apelsindan energiya olish usuli nisbatan sodda: meva sharbati tarkibidagi shakar moddasidan biogaz ajratib olinadi, keyingi bosqichda biogaz elektr energiyaga aylantiriladi. Sharbati siqib olingan meva ham chiqitga chiqmaydi, po‘stloq va po‘choqdan mineral o‘g‘it sifatida foydalaniladi.

Euronews xabariga ko‘ra, ekologik toza energiyadan hozircha suv tozalash tizimida istifoda etilmoqda.

Ishlab chiqarish hajmi oshishi bilan energiyani shahar elektr tarmog‘iga ham berilishi ko‘zda tutilgan. Shahar ko‘chalarida to‘kilib yotadigan achchiq apelsindan elektr olishning yo‘lga qo‘yilishi o‘ziga xos innovatsiya o‘laroq baholanmoqda. Sevilya ma’muriyati bir o‘q bilan ikki quyon urmoqda: avvalo, sayyohlar qadami uzilmaydigan shahar tozaligi ta’minlanadi; qolaversa, katta xarajatsiz qimmatli energiya zaxirasi yaratiladi.

Ispaniyada atmosferaga chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini 90 foizga qadar kamaytirish va 2050 yilga qadar butunlay qayta tiklaguvchi energiya manbalariga o‘tish dasturi qabul qilingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ispaniyada apelsindan elektr energiya olinmoqda